Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:48

Tbilisida “Biz - Yevropamiz!” shiori ostida aksiya bo‘lib o‘tdi


Tbilisidagi norozilik namoyishidan lavha, 2024-yil 11-noyabri
Tbilisidagi norozilik namoyishidan lavha, 2024-yil 11-noyabri

Gruziya poytaxtida 11-noyabr kuni “Biz - Yevropamiz!” shiori ostida norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘tgan parlament saylovini soxtalashtirilgan deb hisoblagan namoyishchilar mamlakatda qayta saylov o‘tkazilishini talab qilishdi.

Parlament binosi qarshisidagi Rustaveli shohko‘chasida bir necha ming kishi to‘plandi. Yig‘ilganlar qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini hamda “Gruziya YI uchun ovoz beradi”, “Bidzinaga sanksiyalar!” va boshqa shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib olishgan edi.

Aksiyaga Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Fransiya, Litva, Latviya, Estoniya va Polsha parlamentlarining tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitalari raislari ham yetib kelishgan. Dushanba kuni ertalab Gruziya parlamenti Shalva Papuashvili YI mamlakatlaridan kelgan deputatlarning safarini “noxolis” deb baholab, ular bilan uchrashishdan bosh tortgan, deya qayd etgan Paper Kartuli nashri.

Germaniya Bundestagining xorijiy ishlar qo‘mitasi rahbari Mixael Rot Gruziya parlamenti oldida yig‘ilganlarga murojaat qilarkan, Tbilisini “Yevropaning haqiqiy poytaxti” deb atagan.

“Biz dushman emasmiz, biz do‘stmiz!” degan Rot o‘zining Tbilisiga safari mamlakat ichki ishlariga aralashish bo‘lib hisoblanmasligini urg‘uladi.

Tbilisida 11-noyabr oqshomida shvetsiyalik faol Greta Tunberg ham yana bir norozilik aksiyasi o‘tkazgan. U dushanba kuni Bokuda ochilgan BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasini tanqid qilgan. Tunberg mazkur tadbir tashkilotchilari bo‘lgan Ozarbayjon rasmiylarini ekologiya haqida g‘amxo‘rlik niqobi ostida jamoatchilik e’tiborini dolzarbroq bo‘lgan boshqa ijtimoiy muammolardan chalg‘itayotganlikda ayblagan.

“Bu norozilik tadbiri nima uchun Bokuda o‘tmayapti?” degan savolga shvetsiyalik faol ataylab uchoqda parvoz qilmasligini, hozir esa Ozarbayjonga faqat havo yo‘li orqali yetib borish mumkinligini aytgan (mamlakatning quruqlikdagi chegaralari pandemiya cheklovlari tufayli avvalgidek yopiq qolmoqda). O‘z aksiyasini o‘tkazar ekan, Tunberg parlament oldidagi norozilarga qo‘shilgan.

Gruziyada parlament saylovi 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, unda 53,9 foiz ovoz bilan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi g‘alaba qozongan. Besh foizli to‘siqdan muxolifatning yana to‘rtta partiyasi o‘tgan. Ularning hammasi saylovda keng ko‘lamli soxtalashtirishlarga yo‘l qo‘yilganini bildirib, saylov natijalarini tan olishdan bosh tortishgan. Muxolifat partiyalari vakillari deputatlik mandatini qabul qilishdan bosh tortishib, yangitdan saylov o‘tkazilishini talab qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG