Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2024, Тошкент вақти: 10:50

Tbilisida muxolifatning norozilik yurishi o‘tkazildi


Tbilisida 28-aprel kuni muxolifatning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunga qarshi yurishi bo‘lib o‘tdi. Norozilar Respublika maydonidan shahar markazidagi Gruziya parlamenti binosigacha yurib borishdi, deya xabar qildi Ozodlikning “Kavkaz sadosi” (“Exo Kavkaza”) loyihasi.

Yurish ishtirokchilari mamlakat nomi va “Rossiya qonuniga yo‘q, deymiz” deya qichqirib borishgan. Parlament binosiga proyektor orqali “Rossiya — okkupant” yozuvi va Gruziya bayrog‘i tasviri tushirilgan. Muxolifat xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi tomonidan Moskva ko‘rsatmasiga ko‘ra qabul qilinayotganini iddao qilmoqda. Qonun loyihasi mualliflari bu iddaoni rad qilishyapti.

“Gruziya orzusi” vakillari 29-aprel kuni qonun loyihasi tarafdorlarini ko‘chaga olib chiqishni va’da qilishgan. Yakshanba kungi aksiya chog‘ida qonun loyihasi tarafdorlari chiqishi uchun o‘rnatilgan sahnaga chiqib olishga urinishgan. Norozilik tadbiri chog‘ida bir necha kishi qo‘lga olingan, ular orasida Gruziyaning yevrointegratsiya bo‘yicha sobiq vaziri Aleksi Petriashvili ham bor. Ichki ishlar vazirligi uni mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaganlikda ayblagan.

Qonun loyihasi bo‘yicha ikkinchi o‘qish muhokamasi Gruziya parlamentida 29-aprel kuni boshlanishi aytilgan.

Bu Gruziya parlamentida xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish bo‘yicha birinchi urinish emas. O‘tgan yilning 7-martida parlament birinchi o‘qishda qonun loyihasini ma’qullagani ortidan mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik chiqishlari boshlanib ketgan edi. 8-mart kuni aksiya davom etgan, 9-mart kuni esa “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi va “Xalq kuchi” harakati mazkur qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olishgan.

O‘tgan yilgi noroziliklarga qaramay, “Gruziya orzusi” 2024-yilning aprel oyi boshida qonun loyihasini qaytadan parlamentga kiritgan.

XS
SM
MD
LG