Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:12

Tbilisida “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunga qarshi mitingda 14 kishi qo‘lga olindi


Gruziya parlamenti binosi oldidagi politsiyachilar, 2024-yil 15-marti
Gruziya parlamenti binosi oldidagi politsiyachilar, 2024-yil 15-marti

“Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunga qarshi Tbilisida uyushtirilgan mitingda huquq-tartibot idoralari xodimlari 14 kishini qo‘lga olishgan. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

15-aprel tongida Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunga qarshi norozilik chiqishlari boshlandi. Poytaxtda odamlar Rustaveli shohko‘chasida joylashgan parlament binosi oldida yig‘ilishgan. Aksiyaning birinchi qismi parlamentning yuridik masalalar bo‘yicha qo‘mitasida qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kirishilgan ertalabki soat 10 dan boshlangan. Aksiyaning ikkinchi qismi esa oqshomgi soat 19 larga to‘g‘ri kelgan. Kechga borib Tbilisida bir necha ming norozi yig‘ilgan. Parlament binosi yoniga kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari olib kelingan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, “norozilarning zo‘ravonlik harakatlari natijasida” bir nafar politsiyachi jabrlangan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Norozilar “mayda bezorilik” va “hokimiyat vakillari talabiga bo‘ysunmaslik” moddalari bo‘yicha tutib ketilgan. IIV qaydicha, miting ishtirokchilari jamoat tartibini buzishgan, huquq-tartibotchilarning “qonuniy talablarini e’tiborga olishmagan”, ularga qarshilik ko‘rsatib, ularni haqorat qilishgan.

Mtavari telekanali xabariga ko‘ra, 16-aprel kuni parlamentdagi muhokama bilan parallel ravishda keng ko‘lamli norozilik chiqishlari qayta boshlanishi kutilmoqda.

Dushanba kuni Gruziya parlamentining yuridik masalalar qo‘mitasi birinchi o‘qishda “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullagan. Mazkur loyiha mazmunan o‘tgan yili norozilik namoyishlari manzarasida qaytarib olingan qonun loyihasi bilan bir xil ekani aytilmoqda.

“Shaffoflikni ta’minlash uchun” olib chiqilayotgan qonun loyihasi moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan barcha notijorat tashkilotlari va OAV nomlari kiritilgan reyestr paydo bo‘lishini ko‘zda tutadi.

Qonun loyihasi “xorijiy kuch manfaatlarini tashuvchi bo‘lgan tashkilotlarni aniqlash maqsadida” Adliya vazirligiga mazkur masala bo‘yicha istalgan paytda tekshiruv o‘tkazish vakolatini beradi.

O‘tgan yilning 7-martida Gruziya parlamenti birinchi o‘qishda qonun loyihasini ma’qullagani ortidan mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik chiqishlari boshlanib ketgan edi. 8-mart kuni aksiya davom etgan, 9-mart kuni esa “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi va “Xalq kuchi” harakati mazkur qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olishgan.

O‘tgan yilgi noroziliklarga qaramay, “Gruziya orzusi” 2024- yilning aprel oyi boshida qonun loyihasini qaytadan parlamentga kiritgan. Birinchi variantdan farqli o‘laroq qayta ishlangan hujjatda “xorijiy ta’sir agenti” degan atama o‘rniga “xorij davlat manfaatini tashuvchi tashkilot” degan iboradan foydalanilgan.

XS
SM
MD
LG