Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:46

Tehron va Toshkent o‘zaro savdo hajmini 10 barobar oshirmoqchi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Eron va O‘zbekiston imtiyozli savdo bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi, deya xabar qildi Mehr agentligi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning Tehronga tashrifi chog‘ida erishilgan bitim doirasida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 barobarga oshirishni, ya’ni 500 million dollardan 5 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda.

Qayd etilishicha, Tehron va Toshkent Erondan eksport qilinadigan poyezd vagonlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish turbinalari, po‘lat va neft-kimyo mahsulotlari uchun savdo tariflarini pasaytirish borasida umumiy to‘xtamga kelgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Eron G‘arb bozorlariga kirishni cheklovchi sanksiyalar sababli mintaqa davlatlar bilan oldi-sotdi hajmini oshirishga urinmoqda.

Tehron Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, shuningdek, Pokiston va Indoneziya bilan imtiyozli savdo shartnomalarini imzolashga muvaffaq bo‘lgan.

Fors davlati tarixan yaqin sanalgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ham iqtisodiy hamkorlikni jonlashtirishga intilyapti.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 17-iyul kuni Eronning yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali so‘zlashgani, muloqot davomida energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat kabi tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etilgani haqida xabar qilgan edi.

Joriy yil aprel oyida Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan hisobot majlisida Eron bilan birgalikda umumiy qiymati 362 million dollarlik 46 ta investitsiyaviy va savdo bitimi amalga oshirilayotgani aytilgan.

XS
SM
MD
LG