Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 04:01

Termitlardan jabr ko‘rgan fuqarolarga uy beriladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda termitlar yoki boshqa hasharotlar tufayli uyi yaroqsiz holga kelgan fuqarolar davlat uy-joy fondidan yangi turarjoy olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining “Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorda ana shu talab ko‘zda tutilgan.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran tuman (shahar) hokimliklari tashkil etadigan termitlar va boshqa hasharotlar tomonidan zararlangan uy-joylarni aniqlash bo‘yicha komissiyalar tomonidan davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali davlat xizmati ko‘rsatilishi rejalashtirilgan edi.

My.gov.uz platformasi 29-noyabr kuni mazkur xizmat ishga tushirilganini e’lon qilgan.

Ushbu xizmat yordamida My.gov.uz portali orqali turarjoy holatini bepul baholash va tegishli xulosa olish mumkin. Komissiya turarjoyni yashash uchun yaroqsiz deb topsa, talabgorga uy-joy beriladi.

Hukumat qarori bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda termitlar va boshqa hasharotlar tomonidan zararlangan uy-joylarni yashash uchun yaroqsiz deb topish uchun texnik talablarni ishlab chiqish topshirilgan. Ikki oy muddat ichida esa normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu hujjatga muvofiqlashtirish zarur.

Xalq orasida “sariq chumoli”, “vahmat” kabi nomlar bilan ataladigan termitlar yog‘och va tarkibida sellyuloza bo‘lgan boshqa materiallar bilan oziqlanadigan zararkunanda hasharotlar bo‘lib, inshootlar va inson mulki uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Avvalroq O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, YUNЕSKO muhofazasidagi “Ichan-Qal’a” tarixiy yodgorlik majmuasidagi 33 ta tarixiy obidaga zararkunanda hasharotlar jiddiy zarar yetkazayotganidan ogohlantirgan edi.

Ozodlik bir muddat oldin rasmiylar e’tiborini Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi uylarga termitlar qiron keltirayotganiga qaratgandi.

XS
SM
MD
LG