Ispaniyaning Barselona shahri va atrofida tinimsiz yoqqan jala tufayli 4-noyabr kuni qizil ogohlantirish e’lon qilindi. Rasmiylar odamlarni zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni so‘ramoqda. “Yevronyus” telekanali xabariga ko‘ra, shiddatli jalalar Valensiya viloyatidan mamlakat shimoliy-sharqiga – Barselonaga ko‘chgan.
Shu tariqa Barselona Ispaniyaning ekstremal ob-havo sharoitidan jabr ko‘rgan yana bir mintaqasiga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda Barselona aeroporti terminaliga suv kirayotgani aks etgan videokadrlar paydo bo‘lgan.
Ispaniya Davlat meteorologiya agentligi Kataloniyaning ayrim qismlarida tinmayotgan jala tufayli qizil xatar darajasini e’lon qilgan, mahalliy OAV esa yo‘llarda qisman suv ostida qolgan avtomobillarni namoyish qilgan.
Ispaniyada kattaligi bo‘yicha ikkinchi aeroport hisoblanmish Barselonaning El-Prat aeroporti o‘nlab aviareyslarni bekor qilgan yoki kechiktirgan, poyezd qatnovi ham to‘xtatilgan.
Avvalroq Ispaniyaning Valensiya viloyatida tinimsiz jala tufayli yuzaga kelgan toshqin natijasida kamida 217 kishi nobud bo‘lgani haqida xabar qilingan edi.