Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 23:06

TIV: O‘zbekiston Netanyaxuni hibsga ololmaydi


Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Knessetda qilgan chiqishidan lavha, 2024-yil 19-noyabri
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Knessetda qilgan chiqishidan lavha, 2024-yil 19-noyabri

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) hibsga olinishiga order bergan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu O‘zbekistonga tashrif buyurgan taqdirda, rasmiy Toshkentni uni qamoqqa ololmaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Qalampir.uz nashri so‘roviga javoban ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro jinoyat sudining qarorlarini bajarishni o‘z zimmasiga olmagan. Bu to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni ratifikatsiya qilmagan. Shundan kelib chiqsak, Xalqaro jinoyat sudi tomonidan berilgan qamash, hibsga olish bo‘yicha qanaqadir orderlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekistonda hech qanday majburiyat yo‘q”, degan TIV vakili.

Ayni paytda “O‘zbekiston Yaqin Sharqda urushlar to‘xtamagunicha Netanyaxuning tashrifini kutmayotgani” ta’kidlangan.

Ozodlik 21-noyabr kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hisobga olish uchun order bergani haqida xabar qilgandi. Ular G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar va insoniylikka qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud xabarnomasida aytilishicha, mahkama Netanyaxu va Galant Isroilning HAMAS radikal guruhiga (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) qarshi amaliyoti chog‘ida G‘azodagi tinch aholini oziq-ovqat, suv, dori-darmon va tibbiy anjomlar hamda yoqilg‘i va elektr energiyasi kabi tirik qolish uchun zarur bo‘lgan ashyolardan ataylab, ongli ravishda mahrum qilishgan deya taxmin qilish uchun mantiqiy asoslar bor, degan xulosaga kelgan.

XVJ orderi Netanyaxu va Galant Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlardan biriga borgan taqdirda hibsga olinishi kerakligini anglatadi. Masalan, ular Yevropa Ittifoqining deyarli barcha mamlakatlari yoki Buyuk Britaniyaga kelsa, hibsga olinishlari lozim.

Isroil Rim statuti ishtirokchisi emas va XJS yurisdiksisini tan olmaydi.

Mazkur shartnomani dunyodagi ko‘plab mamlakat ratifikatsiya qilishgan, biroq AQSH, Rossiya va Xitoy doxil qator yirik davlatlar uning ishida ishtirok etmaydi va XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi.

XS
SM
MD
LG