Линклар

Шошилинч хабар
14 январ 2025, Тошкент вақти: 02:27

TIV: O‘zbekistonliklarning BAAga kirishiga oid muammo muhokama etildi


BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziy O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev qabulida, Toshkent, 2024-yil 2-dekabri (TIV fotosurati)
BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziy O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev qabulida, Toshkent, 2024-yil 2-dekabri (TIV fotosurati)

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari diplomatlari o‘zbekistonlik fuqarolarning BAA hududiga kirishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

TIV xabarnomasiga muvofiq, 2- dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qilgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalaridan tashqari “so‘nggi kunlarda O‘zbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishlarida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha” fikr almashilgan.

“Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi”, deyilgan vazirlik xabarnomasida.

Avvalroq Ozodlik 30-noyabr kuni Toshkentdan Abu Dabiga uchib borgan 31 nafar o‘zbekistonlik erkak BAA hududiga kiritilmagani, ular aeroportdan ham chiqarilmay, bir sutkadan keyin ortga qaytarib yuborilgani haqida xabar qilgan edi.

Mazkur hodisadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda muayyan yoshdagi o‘zbekistonlik erkaklarning BAA hududiga kirishi taqiqlanganiga oid taxminlar ilgari surilgan.

Abu Dabi aeroportida o‘zbekistonliklarning ushlab qolinishi va so‘roqqa tutilishi BAA hududida yahudiy ruhoniysi Svi Kogan o‘ldirilishi ortidan ro‘y bergan.

O‘tgan hafta Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvin o‘limida gumonlangan uch o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.

BAA IIV bayonotiga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotganlarning ismi Olimboy Tohirovich, Azizbek Komilovich va Mahmudjon Abdurahim bo‘lib, ulardan ikki nafari 28 yoshda, yana biri esa 33 yoshdadir.

XS
SM
MD
LG