Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:09

To‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr mulozimi qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Kadastr agentligining Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i Jobir Mahmudov 5 yilga qamaldi va 2 yil muddatga davlat tashkilotlarida mas’ul lavozimda ishlash huquqidan mahrum etildi.

Sud Mahmudov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandida (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan, deb topgan.

Kun.uz nashrining sud hujjatiga tayangan holda yozishicha, To‘raqo‘rg‘on tumani kadastr idorasi rahbari yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab, foydalanib kelgan fuqaroga 51 million so‘m jarima qo‘llanishini bildirgan. Fuqaro tegishli hujjatlarni rasmiylashtirayotganini aytib, mulozimdan jarima qo‘llamaslikni so‘ragan.

Kadastr idorasi rahbari ish qo‘zg‘atmaslik evaziga to‘yi bo‘layotgan bir xodimiga to‘yona berishni talab qilgan.

Fuqaro farzandlariga o‘quv qurollari olish uchun tanishidan 100 dollar qarz ko‘targani, shu mablag‘ni berishini aytgan. Bo‘lim boshlig‘i yana 300 dollar “to‘yona” talab qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Jobir Mahmudov 2024-yil 22-avgust kuni To‘raqo‘rg‘on tumani Oqtosh mahallasi hududida o‘zining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgani ortidan ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirishi munosabati bilan kuni kecha aholiga murojaatnoma yo‘llagan Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov endilikda tizimda tanish-bilishchilik bo‘lmasligiga va’da bergan edi.

XS
SM
MD
LG