Tojikistonning Vahdat tumanidagi qamoqxonada 3-fevral kuni odamlarni garovga olish va qamoqdan qochish urinishi sodir etilgan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati Adliya vazirligi Jinoyat jazosini o‘tash bosh boshqarmasidan (JJO‘BB) olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
“2025-yilning 3-fevrali soat 15:44 da Tojikiston Adliya vazirligi Jinoyat jazosini o‘tash bosh boshqarmasiga qarashli 3/2-sonli jazo muassasasida 9 nafar mahkumdan iborat guruh qo‘lbola vositalardan foydalangan holda mas’ul xodimlar – jazo muassasasi qo‘riqchilariga o‘ldirish qasdi bilan hujum qilishgan”, deyilgan muassasa xabarnomasida.
Xabarnomada “mahkumlar muassasa ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, o‘tkir tig‘li qo‘lbola pichoqlardan foydalangan holda shikoyat va shartlarini aytmay, o‘z jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirishib, muassasa qo‘riqchilari bo‘lgan askarlarni o‘ldirishga va qamoqdan qochishga urinishgan”i qo‘shimcha qilingan.
JJO‘BB vakillari qaydicha, ayni paytda muassasaning qo‘riqchilik va himoya tizimi to‘liq tiklangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hujum natijasida qamoqxonaning uch nafar xodimi og‘ir jarohat olgan, rasmiylarning javob harakati natijasida uch nafar mahkum o‘ldirilgan, qolganlari qo‘lga olingan.
Biroq, ayrim OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida o‘ldirilgan mahkumlar soni bundan ko‘proqdir. Masalan, TajNews saytida o‘ldirilgan 6 nafar mahkumning kartochkalari yoyinlanib, 7 nafar o‘lgan shaxs ismi keltirilgan. Mustaqil nashr chop qilgan fotosuratlarda besh nafar mahkum jasadini ko‘rish mumkin. TajNews suratlardan birida o‘ldirilganlardan birining boshidagi shapkada “Islom davlati” terror guruhining bayrog‘i aks etganiga e’tibor qaratgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qamoqxonada isyon ko‘targan mahkumlarni tinchitish uchun maxsus topshiriqlar bajaruvchi otryad jalb qilingan.