Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 02:55

Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha tender e’lon qilindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tender e’lon qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati qaydicha, loyihaning birinchi bosqichi umumiy uzunligi 171 kilometrni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan avtomobil yo‘li va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 21-yanvarida tasdiqlangan.

Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Rasmiy Toshkent Jahon banki ko‘magida xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun loyihaga maslahatchisi sifatida Buyuk Britaniyaning “Arup and Partner's”, “PWC” va “CMS Cameron” konsultantlar konsorsiumini jalb qilgan.

Vazirlikka ko‘ra, tender ikki bosqichda o‘tkaziladi. Ilk bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjat topshiradi. Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan o‘tgan shirkatlar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi.

DXSH loyihalarida tajribaga ega bo‘lgan barcha qiziquvchilarga 2025-yil 21-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha hujjat topshirish taklif qilingan.

Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi loyihasi qiymati 4,28 milliard dollarni, qurilish muddati esa 6 yil 3 oyni tashkil etishini bildirgandi.

Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan yo‘lning 64 foizi yangidan qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Pulli yo‘l qurilishi Toshkentdan Andijonga safar qilish vaqtini hozirgidan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirishi aytilyapti.

O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2024-yilning 30-avgustida imzolangan qarorda Toshkent–Andijon pulli avtoyo‘lni qurish 2026-yilda boshlanishi belgilangan. Yo‘l 2032-yilda foydalanishga topshirilishi kerak.

XS
SM
MD
LG