Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 09:01

Toshkent Tramp ma’muriyati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqchi


Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan (arxiv surati)
Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan (arxiv surati)

O‘zbekiston AQSH bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish niyatida. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida bu borada mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga bir qator vazifalar yuklangan.

Loyihaga muvofiq, tashqi siyosat mahkamasi joriy yil yakuniga qadar Qo‘shma Shtatlar yangi ma’muriyati vakillari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va oliy darajadagi tashrifni tashkil etishi kerak.

Bundan tashqari, Toshkentda AQSH bilan kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi raundini yuqori darajada o‘tkazish, “C5+1” (Markaziy Osiyo va AQSH) formatidagi hamkorlikni faollashtirish, jumladan, vazirlar uchrashuvi, tegishli ishchi guruhlar yig‘ilishlarini o‘tkazish, shuningdek, ushbu formatning 10 yilligi munosabati bilan Samarqandda yubiley sammiti o‘tkazish rejalashtirilgan.

Davlat dasturi loyihasidan anglashilishicha, Toshkent Vashington bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Qolaversa, AQSH hukumati tomonidan inson huquqlari mezonlari bo‘yicha e’lon qilinadigan turli hisobotlarda O‘zbekistonning yuqori pozitsiyalarini saqlab qolish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirish vazifasi belgilangan.

O‘zbekiston hukumati parlamentlararo aloqalar, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarda ham AQSH bilan hamkorlikni kengaytirish istagini bildirgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 8-yanvar kuni AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik bilan muzokara o‘tkazgan.

“Biz asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorligimizni chuqurlashtirish yo‘llarini muhokama qildik va turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdik. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik 2024-yilda samarali bo‘ldi, 2025-yilda esa bundan-da ko‘proq yutuqlarga erishishimizga ishonchimiz komil”, deya post qoldirgan O‘zbekiston bosh diplomati ushbu uchrashuv ortidan.

Ozodlik avval xabar qilganidek, 2024-yil 6-noyabr kuni Donald Trampni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklagan prezident Shavkat Mirziyoyev uni “boy tajribali va mohir siyosatchi” deb ta’riflagan. Tabrik matnida Toshkent va Vashington o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri aynan Trampning birinchi prezidentlik davrida boshlangani urg‘ulangan.

XS
SM
MD
LG