Toshkent shahrida pulli avtoturargohlar tashkil etiladigan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha auksionda Balcomuz kompaniyasi 120,15 milliard so‘mlik taklif bilan g‘olib bo‘ldi.
Boshlang‘ich narx 57 milliard so‘mni tashkil etgan kimoshdi doirasida poytaxtdagi jami 86 ta pulli parkovka uchastkasi kimga berilishi hal etildi.
Daryo.uz nashrining yozishicha, Balcomuz MCHJning 60 foiz ulushi Balcom Co. Ltd (Yaponiya) kompaniyasiga, 20 foizi Avazbek Nuriddinovga, 10 foizi Bobur Akramovga hamda qolgani (10 foiz) Anvar Hoshimovga tegishli.
Balcomuz O‘zbekistonda 2019-yildan beri Central Park istirohat bog‘i, “More” suv majmuasi, The Bani hammom majmuasi, Oxygen Development ko‘p qavatli turarjoy va savdo binosi, Flamingo restorani kabi loyihalarni amalga oshirgan.
Ijara muddati uch yil bo‘lib, ijarachi dastlabki ikki yilda avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar, harakatni tashkil etish vositalari va kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish uchun kamida 5 million dollar sarmoya kiritishi kerak.
Faollar poytaxtdagi jami 262,8 ming kvadrat metr maydonning bitta lot doirasida yagona boshqaruvchiga berilishini “parkovka monopoliyasining o‘rnatilishi” deya baholashmoqda.
Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov ta’kidicha, Raqobat qo‘mitasi va Aksilkorrupsiya agentligi poytaxtda parkovka monopoliyasini yaratishi mumkin bo‘lgan auksionni to‘xtatishi kerak edi.
“Bu yakka lotni o‘nlab lotlarga ajratish va talabgorlar ko‘paytirish hisobiga, huquqlarni 120 milliard so‘m emas, balki 500 milliard so‘mga sotish mumkin bo‘lardi. Bozorda o‘zaro raqobatlashuvchi bir necha kompaniyalar shakllanardi, davlat yutardi, iste’molchi yutardi. Bu Toshkent uchun, O‘zbekiston uchun navbatdagi mag‘lubiyat”, deb yozdi Bakirov.