Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi temiryo‘l hududida fuqaro poyezd bosib ketishi oqibatida vafot etdi.
“Milliy” telekanalining “Millar” dasturi xabariga ko‘ra, fojia joriy yil 5-oktyabr kuni ro‘y bergan.
Temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlab kelgan 36 yoshli erkak teplovozga yuk vagonini ulayotgan vaqtda ehtiyotsizlik tufayli temiryo‘l iziga yiqilib tushgan. Shu vaqtda uni yuk vagonlari bosib ketgan.
Hodisa joyiga yetib borgan “tez yordam” xizmati xodimga tibbiy ko‘mak ko‘rsatganiga qaramay, u o‘sha yerda vafot etgan.
Mamlakatda har yili poyezd urib ketishi oqibatida o‘nlab odam halok bo‘lishi aytiladi. Masalan, 2017-yilda 19 kishi ayni shunday transport hodisasi sababli hayotdan ko‘z yumgan.
2024-yil 23-avgust kuni Toshkent shahri Salar–Nurhayot temiryo‘l bekati oralig‘ida uch farzandning onasi bo‘lgan ayol, 20-iyun kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi temiryo‘l hududida 10 yoshli bola, 5-mart kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi temiryo‘l kesishmasida 31 yoshli erkak poyezd ostida qolib vafot etgan edi.