Toshkentdan 2025-yilning yozidan Qirg‘izistondagi kurort hudud sanalgan Issiqko‘lga poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati ma’lumotga ko‘ra, Toshkent–Baliqchi yo‘nalishidagi turistik poyezdlar qatnovi Issiqko‘l yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirishi kutilmoqda.
Poyezd qatnovi masalasi O‘zbekiston va Qirg‘iziston temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan.
MDHga a’zo davlatlar temiryo‘l transporti bo‘yicha kengashning 81-yig‘ilishi doirasida uchrashgan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va “Qirg‘iz temiryo‘li” davlat korxonasi rahbari A.Sakiyev yuk tashish hajmini oshirish va tarif chegirmalarini qo‘llash masalalari yuzasidan ham fikrlashgan.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida ko‘mir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryo‘lkargo” AJ yuk vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xo‘jaligi obyektlarini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston poytaxtidan poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan Baliqchi shahri Issiqko‘lning g‘arbiy qismida joylashgan.
O‘zbekiston Transport vazirligi joriy yil 10-iyundan Toshkent shahridan Issiqko‘l sohilida joylashgan kurort shahar – Cho‘lponotaga mavsumiy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi. 1060 kilometrga uzangan, 20 soatlik yo‘l uchun chipta narxi 300 ming so‘m qilib belgilangandi.