O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iziston bosh vaziri Adilbek Kasimaliyev va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda 8-yanvar kuni uch davlat chegaralari tutashgan nuqtada uchrashdi.
O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, ushbu uchrashuv uch mamlakat prezidentlari davlat chegarasi masalalari bo‘yicha avval erishgan kelishuvlar doirasida tashkil qilingan.
Rasmiy Toshkent O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati, Qirg‘izistonning Botken viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati davlat chegaralari tutashgan nuqtada o‘tkazilgan uchrashuv ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidlagan.
Qirg‘ziston hukumati matbuot xizmati qaydicha, bosh vazirlar mamlakatlar savdo, logistika, energetika va madaniy-gumanitar aloqalar kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini urg‘ulagan. Ularning fikricha, chegaraoldi va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro hamkorlikning muhim tarkibiy qismi sanaladi.
Uchrashuvda kelajakdagi uch tomonlama tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilingani bildirilgan.
Ozodlik 2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro davlat chegaralarini delimitatsiya qilish jarayonini yakunlagani haqida xabar qilgan edi. O‘shanda Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov mintaqada katta xavotir uyg‘otadigan Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegara masalasi qolganini aytgandi.