O‘zbekistonda 2024-yilda jami 6898 nafar shaxs tomonidan 5716 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan. Bu haqda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Korrupsiyaga oid 309 ta jinoyat hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
2023-yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgazta’minot” AJ, suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Biroq oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligida oshgan.
Agentlikka ko‘ra, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Samarqand viloyatida eng ko‘p, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida esa eng kam sodir etilgan.
Agentlikka 2024-yil davomida jami 4176 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, hokimliklarga 55 ta so‘rovnoma yuborilgan, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
“O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza”da avval qayd etilganidek, 2023-yilda respublika bo‘yicha 6535 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan edi. Ushbu huquqbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,4 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.