Toshkent va Kobulda hokimiyat tepasida turgan "Tolibon" hukumati ikki mamlakat örtasida temir yöl orqali tashiladigan yuk hajmini hamda qatnovchi poyezdlar sonini oshirmoqchi. Bu haqda "Özbekiston temir yöllari" kompaniyasi afğon tomoni vakillari bilan muzokaralardan söng xabar berdi.
Kompaniya boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev va Afğoniston Temir yöllar boshqarmasi rahbari Mavlaviy Abdul Karim Fateh 18-noyabr kuni Afğoniston bilan Özbekiston chegarasidagi Hayraton stansiyasida uchrashdi.
Tomonlar temir yöl qatnovini rivojlantirish, mavjud infratuzilmadan foydalanish va yuk oqimini köpaytirish masalalarini muhokama qildi. Özbek kompaniyasi ma’lumotiga köra, 2026-yilda ikki mamlakat örtasida temir yöl orqali tashilgan yuk hajmi sezilarli darajada oshgan. Kompaniya aniq raqamlarni keltirmagan.
Uchrashuv yakunida tomonlar Naibobod stansiyasini rivojlantirish va Hayratondan Mozori Sharifga temir yöl orqali yuk tashishni tashkil etishga kelishdi. Shuningdek, bir sutkadagi poyezdlar qatnovi sonini oshirish, afğon temiryölchilarini öqitish va ularning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Xabarda yuk tashish qachon yölga qöyilishi va tomonlar yuk hajmini qancha oshirishni möljallayotgani aytilmagan.
Hayraton – Mozori Sharif temir yöl liniyasining uzunligi qariyb 75 kilometr. Qurilish 2010-yil yanvarida "Özbekiston temir yöllari" kompaniyasi ishtirokida boshlangan va ösha yili yakunlangan. Yönalishda ilk poyezdlar 2011-yilda qatnay boshlagan. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki kömagida moliyalashtirilgan.
Liniya Özbekiston temir yöl tarmoğini Afğoniston shimoli bilan boğlaydi va mamlakatga yuk yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Jumladan, chegaradagi Hayraton orqali Afğonistonga yoqilği, don, qurilish materiallari va boshqa yuklar olib kiriladi. 2023-yilda liniyaga texnik xizmat körsatish masalasida özbek va afğon tomonlari örtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, qatnov vaqtincha töxtagan. Tomonlar kelishuvga erishgach, yuk tashish qayta boshlangan.
Naibobod stansiyasini rivojlantirish bu yönalishning yuk ötkazish quvvatini oshirish choralaridan biri. 2026-yil mayida Afğoniston ma’muriyati Özbekiston stansiyada 1,5 kilometrlik qöshimcha temir yöl va yuk ortish hamda tushirish uchun bir nechta ombor qurishni rejalashtirayotganini bildirgan. Bu ishlar Hayraton transport tugunining yuk ötkazish quvvatini oshirishi kutilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari Afğonistonda 2021-yilda hokimiyatga kelgan "Tolibon" hukumatini rasman tan olmagan. Ayni paytda ular Kobuldagi hukumat bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirmoqda.