Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2025, Тошкент вақти: 05:50

WP: Isroil Suriya chegarasida istehkomlar qurmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Isroil o‘z harbiylari Suriya chegarasidagi bufer hududida vaqtincha yurganini ta’kidlayotganiga qaramay, u yerda mustahkam forpostlar barpo qilishni boshlagan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar qildi.

Yanvar oyida isroillik harbiylar Suriyaning G‘o‘lon tepaliklaridagi bir necha qishlog‘iga kirishgan edi. Isroil o‘z xatti-harakatlarini Suriyada sobiq prezident Bashar Asad rejimi qulagani va “Hay’at Tahrir ash-Shom” boshchiligidagi aksilhukumat guruhlari hokimiyat tepasiga kelgani ortidan mamlakatning shimoliy hududlarini himoya qilish zarurati tug‘ilgani bilan izohlagan. Mazkur guruh dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terror tashkiloti deb topilgan.

The Washington Post jurnalistlari o‘tgan yilning 20-dekabridan 2025-yil 21-yanvarigacha bo‘lgan davr ichida sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni tahlil qilib chiqishgan va Jubata al-Xasab shahri yaqinida devor bilan o‘rab olingan Isroil bazasida o‘nlab yangi inshoot qurilganini aniqlashgan.

U yerdan bir necha kilometr janubda Isroilning yana bir bazasi, yanada janubroqda esa tozalangan hudud mavjud bo‘lib, u yer uchinchi harbiy obyekt uchun maydonga aylanishi mumkin. Yangi istehkomlarni (forpostlar) G‘o‘lon tepaliklaridagi Isroil nazorati ostida bo‘lgan hududlarga olib boruvchi tuproq yo‘l birlashtiradi, deyilgan WP maqolasida.

XS
SM
MD
LG