Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2025, Тошкент вақти: 07:05

WSJ: Rossiya Turkiyada “dollar ofshori” barpo qilishga uringan


Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning uchrashuvida lavha (arxiv surati)
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning uchrashuvida lavha (arxiv surati)

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin munosabati bilan G‘arb mamlakatlari tomonidan 2022-yili Moskvaga qarshi moliyaviy sanksiyalar kiritilishi ortidan Rossiya Turkiyada atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasidan sanksiyalarni aylanib o‘tish mexanizmini yaratish uchun bahona o‘laroq foydalangan. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayanga holda yozib chiqdi.

Buning natijasida bir necha milliard dollar AQSH banklari vositasida Turkiyaga o‘tkazilgan va sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda Rossiya rasmiylarining xorijdagi operatsiyalarini moliyalashtirish uchun foydalanilgan. Qayd etilishicha, AQSH Adliya vazirligi bu borada tekshiruv olib bormoqda.

Iddaoga ko‘ra, o‘sha paytda AQSH sanksiyalar ostida bo‘lmagan “Gazprombank” orqali Rossiya tomoni AQSHning JPMorgan i Citigroup banklari vositachiligida “Akkuyu” AESi qurilishi uchun kredit o‘laroq 5 milliard dollar mablag‘ni Turkiyaning Ziraat bankidagi hisobraqamiga o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Galdagi 2 milliard dollarlik to‘lovni JPMorgan AQSH Adliya vazirligining talabiga ko‘ra o‘tkazmay qo‘ygan. Bu pullar hali ham muzlatilganicha turibdi.

Nashr materialida aytilishicha, AQSH rasmiylari 2024-yilda bu mablag‘lardan sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda foydalanilganini bildirib, ularni musodara etishga tayyor bo‘lgan. Biroq Turkiya bilan munosabatlar buzilishidan xavfsiralgani uchun bu g‘oyadan voz kechilgan. Maqolada manbalar so‘zlariga tayangan holda mazkur sxemada Turkiya maxsus xizmatlarining amaldagi rahbari Ibrohim Qalin ishtirok etganiga oid taxmin aytilgan.

Rossiyaning AES qurilishida ishtirok etayotgan “Rosatom” korporatsiyasi vakili Turkiyaga o‘tkazib berilgan pullarning hammasi haqiqatan ham qurilish uchun mo‘ljallanganini bildirgan. U pullarning bir qismi “uchinchi shaxslar aralashuvi tufayli adolatsiz ravishda muzlatilgan”ini e’tirof etib, bu vaziyat hal bo‘lishiga umid bildirgan.

WSJ manbalariga ko‘ra, AQSH Adliya vazirligi mulozimlari bu pullar Turkiyadagi hisobraqamiga AES qurilishi uchun emas, balki Rossiya Markaziy banki mablag‘lari muzlatilishi va boshqa g‘arb sanksiyalari sharoitida rasmiy Moskva loyihalarini moliyalashtirish uchun “ofshordagi dollar zaxirasi” o‘laroq yo‘naltirilganiga aminlar. Sxema ishlab chiqilishida, iddaoga ko‘ra, Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina doxil eng yuqori martabali rossiyalik rahbarlar rol o‘ynashgan. Gazeta iddaosiga ko‘ra, bu yerda Turkiyaning manfaati o‘z moliyaviy tizimiga dollarlar oqib kelishida bo‘lgan.

Rossiya Markaziy banki, “Gazprombank” va Ziraat banki vakillari gazetaning savollarini javobsiz qoldirishgan. Nashr Turkiya AQSHning NATOdagi boshqa ittifoqchilaridan farqli ravishda Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etmaganini eslatib o‘tgan. AQSH “Gazprombank”ka qarshi sanksiyalarni 2024-yil noyabriga kelibgina joriy etgan, “Rosatom” esa haligacha sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan emas.

Turkiya janubidagi “Akkuyu” AESini “Rosatom”ning shu’ba korxonasi qurmoqda. AESning birinchi energobloki 2025-yilda ishga tushirilishi rejalangan. 2022-yil yozida OAV “Gazprombank” va “Rosatom”ning Turkiyadagi shu’ba korxonasi o‘rtasida 9 milliard dollarlik kredit shartnomasi imzolangani haqida xabar qilishgan. WSJ iddaosicha, “dollar ofshori”ni yaratish uchun aynan shu shartnomadan foydalanilgan.

XS
SM
MD
LG