Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:12

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi taqiqi ortidan O‘zbekiston IBA'ni tark etdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston boks federatsiyasi Umar Kremlyov rahbarligidagi Xalqaro boks assotsiatsiyasini (IBA) tark etib, World Boxing xalqaro boks tashkiloti a’zoligiga qabul qilindi.

Tashkilot matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 3-noyabr kuni AQSHning Kolorado shtatida Jahon boks federatsiyasining yil yakunlariga bag‘ishlangan kongressida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gvatemala va Laos tuzilmaga a’zo bo‘lgani e’lon qilingan. Shu tariqa tashkilotga a’zo milliy federatsiyalar soni 55 taga yetgan.

O‘zbekiston boks federatsiyasi bu ma’lumotni hali rasman tasdiqlagani yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida, Parij-2024 Olimpiadasidan oldin Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) IBA'ga a’zo bo‘lgan milliy federatsiyalar sportchilariga 2028-yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni taqiqlagandi.

XOQ qarori O‘zbekiston boks federatsiyasini qiyin tanlov qarshisida qoldirgani va pirovardida Toshkent World Boxing a’zoligini tanlagani aytilmoqda.

XOQ va IBA o‘rtasidagi ziddiyat bir necha yildan buyon davom etyapti. Avvalroq XOQ xalqaro sport federatsiyalariga Rossiya va Belarus sportchilarini xalqaro musobaqalardan chetlatishni tavsiya qilgan edi. IBA bu tavsiyaga amal qilmagan holda Toshkentda 2023-yil may oyida o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida bu ikki davlat sportchilarini o‘z milliy bayroqlari ostida qatnashishiga ruxsat bergan. Buning ortidan Toshkentdagi musobaqalar 19 ta davlat tomonidan boykot qilingan.

2021-yilning dekabrigacha AIBA nomi bilan faoliyat yuritgan Xalqaro boks assotsiatsiyasiga 2020-yildan beri rossiyalik Umar Kremlyov rahbarlik qilib kelmoqda. U bu lavozimda o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov o‘rnini egallagan. Tashkilotni qo‘liga olgan rossiyalik biznesmen “Gazprom” yordamida 20 million dollarga yaqin qarzlardan qutulish va ikki barobar ko‘p mablag‘ jalb qilishga va’da bergan edi.

XOQ IBA'ni tan olishdan bosh tortgani ortidan uning o‘rnini World Boxing egallashi kutilmoqda. Mazkur tashkilot IBA rasmiy musobaqalariga boykot e’lon qilgan davlatlar tomonidan 2023-yilning bahorida tuzilgan.

XS
SM
MD
LG