Xitoydagi sud mamlakatdagi eng yirik davlat banki rayosati raisi va partiya kotibi Lyu Lyangeni jazo ijrosini kechiktirish sharti bilan o‘lim jazosiga hukm qildi. U korrupsiyada va noqonuniy ravishda kredit berganlikda aybdor deb topilgan.
Lyu aktivlari hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik banklar beshligiga kiruvchi Xitoy bankini boshqargan. U 2023-yili Kommunistik partiya safida chiqarilgan, shu yil fevral oyida esa ishdan bo‘shatilib, qo‘lga olinib, 121 million yuandan ko‘proq (taqriban 16,8 million million AQSH dollari) miqdorda pora olganlikda ayblangan.
"Lyu korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi ostiga tushgan mamlakat moliya sektorining eng yuqori lavozimli vakiliga aylandi", deb yozgan South China Morning Post gazetasi.
Hukm jazoni ikki yilga kechiktirish sharti bilan chiqarilgan, deya xabar qildi “Sinxua” agentligi. Lyu siyosiy huquqlardan bir umrga mahrum qilingan, uning butun mulki musodara etilgan. Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, kechiktirilgan o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilishi mumkin.
O‘lim jazosiga hukm qilish va uni ijro etish bo‘yicha Xitoy dunyoda birinchi o‘rinda turishi taxmin qilinadi. Mamlakat bunga oid statistikani e’lon qilmaydi, biroq huquqbonlar bahosicha, Xitoyda yiliga bir necha ming o‘lim jazosi hukmi chiqariladi, deyilgan Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotida. Bu dunyo bo‘ylab chiqarilgan o‘lim jazolarining hammasidan ham ko‘proqdir. 2023-yilda tashkilot o‘lim jazosiga oid 1153 ta holatni qayd etgan.