Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati To‘sh-Qutchu qishlog‘ida 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li tamaliga ilk toshni qo‘yish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabar qildi.
Unda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Xitoyning taraqqiyot va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Chjen Shansze va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etishdi. Marosimda Chjen Shansze XXR raisi Si Szinpinning, Jamshid Xo‘jayev esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik nutqlarini o‘qib eshittirishgan.
Sadir Japarov o‘z so‘zida yangi temir yo‘l qurilishining boshlanishini Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojiga turtki beruvchi tarixiy voqea, deb atagan.
Mazkur loyihaga 27-dekabr kuni start berilishi haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.
Temir yo‘l loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shma korxona tuzilgan bo‘lib, uning 51 foizlik ulushi Xitoyga, 24,5 foizlik ulushi Qirg‘izistonga, yana 24,5 foizlik ulushi esa O‘zbekistonga tegishlidir. Obyekt qurilishining umumiy qiymati 4 milliard 665 million dollarga baholanmoqda. Bu summaning yarmi, ya’ni 2 milliard 332 million dollar kredit shaklida Xitoy tomonidan qo‘shma korxona hisobiga o‘tkaziladi. Mablag‘ning qolganini uch mamlakat o‘z ulushiga muvofiq ravishda taqdim etadi, ya’ni Pekin 1 milliard 187 million dollar, Toshkent bilan Bishkek esa 573 million dollardan ajratishlari lozim.
Yangi temir yo‘l yo‘lagi Yevrosiyo qit’alararo ko‘prigining janubiy tarmog‘iga aylanishi va Janubiy-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlari, shu jumladan Turkiya, keyin esa Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqishi kutilmoqda. Temir yo‘l Qashg‘ar – To‘rug‘art – Maqmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab yotqiziladi.
Temir yo‘l tarmog‘ining uzuligi 486 kilometrni tashkil etib, uning 311,75 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Loyiha doirasida mamlakatda 18 ta stansiya, 81 ta ko‘prik va 41 ta tunnel barpo etilishi rejalangan. 2022 yilda Sadir Japarov bu yo‘l ishga tushirilganidan keyin mamlakat undan yiliga kamida 200 million dollar daromad olishini aytgan edi.