Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 08:43

XJS orderiga qaramay Polsha Netanyaxuni hibsga olmoqchi emas


Polsha bosh vaziri Donald Tusk
Polsha bosh vaziri Donald Tusk

Polsha bosh vaziri Donald Tusk, agar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Osvensim konslageri ozod qilinganining yubileyi uchun mamlakatga kelgudek bo‘lsa, Xalqaro jinoyat sudi orderiga qaramay, uning hibsga olinmasligini va’da qildi. Bu haqda Polsha matbuot agentligi xabar qildi.

Polsha hukumati rahbariga ko‘ra, u adliya va ichki ishlar vazirlariga mazkur qarorni yuridik jihatdan ta’minlash iltimosi bilan murojaat qilgan.

Bir tomondan, bizda Xalqaro sud orderi bor, boshqa tomondan esa menda eng boshdan Isroil bosh vaziri, Isroil prezidenti yoki Isroil davlatining istalgan boshqa bir vakili yubiley tantanalarida o‘zini xavfsiz his qilishga to‘la haqli bo‘lishi kerak, degan qanoat bor”, dedi u.

Men Isroil siyosiy liderlari Osvensim ozod qilinishini nishonlash marosimlarida xavfsiz tarzda ishtirok eta olmasligini tasavvur qilolmayman, bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”, degan Tusk.

Polsha hukumati 9-yanvar kuni yoyinlagan rezolyutsiyada konslager ozod qilinishi bilan bog‘liq yubileyda Isroilning yuqori lavozimli mulozimlari emin-erkin qatnashishlari kafolatlangan.

Avvalroq Netanyaxuning xavfsizligini ta’minlash iltimosi bilan hukumatga Polsha prezidenti Anjey Duda ham murojaat qilgani ma’lum bo‘lgandi. Netanyaxuning Osvensimdagi marosimga kelish-kelmasligi hozircha ma’lum emas. Isroil delegatsiyasiga ta’lim vaziri yetakchilik qilishi taxmin qilinmoqda.

Polsha Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi a’zosi bo‘lib hisoblanadi. Davlat liderlari xalqaro aloqalarda odatda mutlaq daxlsiz bo‘lishiga qaramay, XJS ularni hibsga olish huquqiga ega, deb hisoblaydi.

Binyamin Netanyaxu va Isroil sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish to‘g‘risidagi order o‘tgan yilning noyabr oyida berilgan edi. Sud ularni G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniylikka qarshi jinoyatlarda ayblamoqda. Isroil rasmiylari bu ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG