Xorvatiyada bo‘lib o‘tgan prezident saylovining ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra amaldagi davlat rahbari Zoran Milanovich oldinda boryapti. Ekzitpol ma’lumotlariga muvofiq, u qariyb 78 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
Milanovichning raqibi bo‘lgan sobiq ta’lim vaziri Dragan Primoras uchun saylovchilarning 22 foizdan ko‘prog‘i ovoz bergan.
Prezident saylovining birinchi bosqichi 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda nomzodlardan birontasi ham 50 foiz ovoz yig‘olmagan − g‘alaba uchun Milanovichga 1 foiz ovoz yetmagan edi.
Zoran Milanovich Xorvatiyada prezident lavozimini 2020-yil fevralidan buyon egallab kelmoqda. Avvalroq u Xorvatiya Sotsial-demokratik partiyasiga yetakchilik qilgan. Milanovich bir necha marotaba Ukrainani “dunyodagi eng korrupsiyalashgan mamlakat” deb atab, Yevropa Ittifoqi va NATO tomonidan Kiyevga yordam berilishiga qarshi chiqib kelgan.
Shuningdek, prezident bosh vazir Andrey Plenkovich bilan muntazam ravishda ziddiyatga kirishib keladi. G‘arbparast siyosatchilar iddaosicha, Milanovich Moskva bilan Kiyev o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha rossiyaparastcha pozitsiyani himoya qiladi.
Primoras 2003-yildan 2009-yilgacha ta’lim vaziri bo‘lib ishlagan va 2009-yildagi prezident saylovida ishtirok etgan. Bu galgi saylovda ikkala nomzod ham o‘zlarining mustaqil nomzod ekanlarini bildirishgan. Ayni paytda Milanovichni Sotsial-demokratik partiya boshchiligidagi so‘z markazchi alyans, Primoratsni esa Plenkovich boshchiligidagi “Xorvatiya demokratik hamdo‘stligi” hukmron partiyasi dastaklamoqda.