Линклар

Шошилинч хабар
29 апрел 2025, Тошкент вақти: 23:06

Yevropa liderlari Parijda Ukrainaga yordam masalasini muhokama qilishdi


Makron va Starmer Parijdagi uchrashuv oldidan, 2025-yil 17-fevrali
Makron va Starmer Parijdagi uchrashuv oldidan, 2025-yil 17-fevrali

Yevropa Ittifoqidagi qator mamlakatlar va institutlar liderlari hamda NATO bosh kotibi 17-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yakun yasashi mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralarida Yevropa mamlakatlarining muhtamal ishtiroki masalasini muhokama qilishgan. Avvalroq AQSH YI mamlakatlaridan ularning har biri bunga aynan qanday hissa qo‘shishi mumkinligi haqida ma’lumot berishni so‘ragan edi.

Parijdagi uchrashuv Donald Tramp ma’muriyatining so‘nggi bayonotlari va xatti-harakatlari manzarasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan chaqirilgan. Oq uyning mazkur bayonotlari YIdagi qator mamlakatlarda AQSHning yangi ma’muriyati Yevropa manfaatlari bilan hisoblashadimi yoki Vashington Moskva bilan Ukraina va YI uchun manfaatli bo‘lmagan kelishuvga erishadimi, degan xavotirlarga sabab bo‘lgan.

Uchrashuvda Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Daniya va Niderlandiya liderlari hamda Yevropa Komissiyasi, Yevropa kengashi rahbarlari va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etishgan. Uchrashuv boshlanishidan avval Emmanuel Makron AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali so‘zlashgan, mazkur suhbat tafsilotlari ochiqlanmagan.

Parijdagi uchrashuv bir necha soat davom etgan. U yerda biror-bir qaror olingani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen jurnalistlarga uchrashuv norasmiy fikr almashuvi bo‘lgani, u yerda liderlar biror masala bo‘yicha kelishuvga erishishi ko‘zda tutilmaganini aytgan.

Liderlarning hammasi Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi turishda dastak berishda davom etish zarurligini aytishgan. Germaniya kansleri Olaf Shols jurnalistlar bilan suhbatda AQSH va YI hamda NATOga a’zo barcha mamlakatlar Ukraina uchun xavfsizlik va kafolatlar masalasida birgalikda harakatlanishlari lozimligini bildirgan. Ayni paytda u Ukrainada biror-bir tinchlikparvarlik missiyasi va unda Germaniyaning ishtirok etishi haqida gapirishga hozircha erta ekanini qayd etgan. Avvalroq Parijdagi uchrashuvda Ukrainadagi tinchlikparvarlik missiyasi masalasi ham muhokama qilinishi mumkinligi haqida xabar qilingan edi. Shols so‘zlaridan Parijdagi sammitda bunday missiya haqida hech qanaqa qaror qabul qilinmagani kelib chiqadi. Kansler hozircha Ukrainadagi urushning oxiri ko‘rinmayotgani uchun tinchlikparvarlik missiyasiga oid gap-so‘zlar uni asabiylashtirayotganini, u yoqqa tinchlikparvar kuchlarni yo‘llash imkoniyati haqida hali gap ham yo‘qligini bildirgan.

Shols uchrashuvning barcha a’zolari o‘zaro hamfikr bo‘lgan bir necha bandga e’tibor qaratgan. Bu Ukraina uchun YIga kirish yo‘lini davom ettirishga, o‘z suvereniteti va demokratiyani himoya qilishga, kuchli armiyaga ega bo‘lishga imkoniyat berilishidir. Sholsga ko‘ra, bu tamoyillar muzokara predmeti bo‘lmasligi kerak. Ayni paytda Shols Ukraina chegaralarining buzilmasligi haqida og‘iz ochgan emas.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen uchrashuv ishtirokchilari fotosuratini yoyinlab, ular “Ukraina kuch orqali tinchlikka erishishga, mustahkam xavfsizlik kafolatlari bilan uning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hurmat qiluvchi tinchlikka loyiqligi tasdiqlashdi”, deb yozdi. Mulozima Yevropada mudofaani mustahkamlash zarurligini ham urg‘ulagan.

AQSH va YI bir bo‘lishi lozimligi haqida uchrashuvdan so‘ng Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham gapirgan. Unga ko‘ra, muhokama qilingan mavzular orasida YI mamlakatlarida mudofaa xarajatlarini oshirish va shu bilan bog‘liq ravishda budjet qoidalariga o‘zgartish kiritish masalalari ham bo‘lgan. Tusk ham Ukraina taqdiriga oid qarorlar Ukraina ishtirokisiz qabul qilinmasligi lozim, degan tamoyilga sodiq ekanini tasdiqlagan.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Daniya bosh vaziri Frederiksen ham mudofaa xarajatlari oshirilishiga oid fikrni ma’qullashgan. Starmer, tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda, Britaniya Ukrainaga o‘z harbiylarini yo‘llashi mumkinligini tasdiqlagan. Biroq, unga ko‘ra, faqat Qo‘shma Shtatlar kafolatigina kelajakda Rossiyaning Ukrainaga yangitdan hujum qilishining oldini olishi mumkin. O‘z navbatida, Daniya bosh vaziri Rossiya Yevropaning boshqa mamlakatlari uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligini qayd etgan.

18 fevral kuni Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi, bu muzokaralarni ikkala tomon ham Ukrainadagi muhtamal tinchlik muzokaralari uchun ilk qadam ekanini aytishgan. Muzokaralarga Ukraina ham, YI ham taklif qilingan emas. AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellog 17-fevral kuni Ukraina qanday shartlar asosida tinchlik bitimini tuzishi haqida, shubhasiz, mustaqil ravishda qaror qabul qilishi, bu ishni Ukraina uchun AQSH qilmasligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG