2024-yil davomida IELTS imtihonida 22 nafar o‘zbekistonlik maksimal ball yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi, deya ma’lum qildi Yoshlar ishlari agentligi.
British Counsil hamda IDP IELTS o‘tkazgan ingliz tilidagi bilimlarni baholash bo‘yicha imtihonda 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 52706 nafarga yetgan. Bu borada to‘rt yilda besh barobar o‘sish kuzatilgan.
Shundan 5,5-6 ball yiqqanlar 28 ming nafardan ko‘proqni, 7-8 ballni (C1 daraja) qo‘lga kiritganlar qariyb 13,5 ming nafarni, 8,5-9 ballga (C2 daraja) erishganlar esa 332 nafarni tashkil etgan.
O‘zbekistonda 2021-yil 1-mayidan e’tiboran IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihonlaridan kamida 7 ballik sertifikatni olgan yoshlarga imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda.
Ozodlik avvalroq EF English Proficiency Index 2024'da O‘zbekiston inglizcha savodxonlik past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgani haqida xabar qilgandi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi yirik shaharlarda nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu borada Andijon (461 ball), Toshkent (457 ball) va Farg‘ona (456 ball) shaharlari eng yaxshi natijani qayd etgan. Jizzax (384 ball), Qashqadaryo (404) va Xorazm (405) viloyatlarida ingliz tilini bilish ko‘rsatkichi eng past deb topilgan.