Moskvada mobil masjidlarga mablag‘ yig‘ilmoqda​

Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha halol yemak va xizmatlar loyihasi Halal Guide Moskvada musulmonlar uchun namoz o‘qish joylari yetishmasligi muammosini antiqa usulda hal etishga kirishdi. Guruh avtoulovda joylashtirilgan mobil masjidlarni Rossiya poytaxti ko‘chalariga chiqarish uchun mablag‘ yig‘a boshladi. Loyiha boshlovchilari nafaqat Moskvani, balki butun Rossiyani musulmonlarga yashash uchun qulay yurtga aylantirmoqchi ekanini gapirmoqda.

Halal Guide musulmonchilik talablari bo‘yicha maxsus jihozlangan avtotreylerlarni Moskva ko‘chalariga chiqarish bo‘yicha loyiha ustida ish boshladi.

Mobil masjid ko‘rinishi

Mobil masjidlar Moskvada yashab, mehnat qilayotgan millionlab musulmonning namoz o‘qish joylariga bo‘lgan ehtiyojini qisman bo‘lsa-da qondirishga qaratilganini gapiradi Ozodlik bilan suhbatda loyiha tashabbuschilaridan biri – HalalGuide muallifi Ayrat Kasimov.

“Bu bilan, juda bo‘lmaganda, Moskvada yashayotgan, mehnat qilayotgan 2 millionlik musulmon jamoasi muammolariga jamoatchilik e‘tiborini qaratish niyatidamiz”, deydi u:

- Bu g‘oya Moskvada masjidlar yetishmasligidan kelib chiqdi: butun katta shaharda to‘rttagina ibodatxona bor. Albatta, biz 6-8 dona bunday ko‘chma masjidlarning ishga tushirilishi muammoni hal etadi, deb o‘ylamaymiz. Moskvaning bugungi sharoitlarida tahorat olib namoz o‘qishga joy topib ko‘rganmisiz? Bu juda mushkul ish! Biz mobil masjidlarning paydo bo‘lishi, har holda, muammoni qanday hal etish mumkinligiga e‘tibor qaratadi, degan fikrdamiz. Aks holda, bu muammo yillar davomida o‘z yechimini topmayotir. Necha yil bo‘ldi, qancha-qancha pul sarflandi, ammo birorta katta masjid ishga tushmadi! Bir oyda har bir treylerga 40 ming rublь sarflanishini xomcho‘t qildik. Musulmonlar saytimiz orqali ariza tashlab qo‘yadi va masjid o‘zi ko‘rsatilgan joyga yetib boradi, deydi Ayrat.

Hozirda “BoomStarter” yangi loyihalar saytida mobil masjidga mablag‘ yig‘ish urinishlari boshlangan.

Mobil masjidning ichki ko‘rinishi

Avtoulovning tahorat qilishga maxsus bo‘lim hamda namoz o‘qiladigan kichik xonadan iborat ekani aytildi. Ayrat Kasimov HalalGuide bu loyihadan daromad olishni ko‘zlamaëtganini aytadi:

- Qizig‘i, mablag‘ ajratganlar orasida turli millat va din vakillari, hatto armanilar, gruzinlar bor. Bu loyiha millionlab pul ishlab olishga qaratilmagan. Jamoamiz Rossiyani musulmonlar yashashiga qulay yurtga aylantirmoqchi, xolos. Ko‘chma masjidlarimizdan bepul foydalanish mumkin. Agarda yetarli mablag‘ yig‘ishga erisha olmasak, biz bu xizmatni pullik qilishga majbur bo‘lamiz. Hatto shunda ham xizmatimiz 70 rublьdan ziyod turmaydi. Axir metroda jome masjidga kelib-ketishingiz 100 rublь atrofida bo‘ladi, dedi Ayrat Kasimov.

Uning fikricha, har bir mobil masjid maxsus ochilishi ko‘zlangan sayt orqali aytilgan joyga olib borib qo‘yiladi va kechki payt olib ketiladi. Moskvaning o‘zida sakkizta mobil ibodatxona ishga tushirilib, undan oltitasining statsionar, ikkitasining esa shahar bo‘ylab ko‘chib yurishi kutilmoqda. Statsionar masjidlar hozircha yirik biznes markazlar oldiga o‘rnatiladi. Ko‘chma treylerlarning qayerda ekanini shu sayt orqali interaktiv tarzda kuzatib borish mumkin.

Loyiha tashabbuschilari bu g‘oyani hayotga tatbiq etish uchun bir million rubldan ortiqroq mablag‘ zarurligini aytib, shu mablag‘dan 850 mingini “BoomStarter” orqali yig‘ishni rejalashtirmoqda.

Mobil masjid ikki xonadan iborat

Suhbatdosh mobil masjid g‘oyasining Saudiya Arabistoni va Turkiyada mavjud tajribadan nusxa ekanini ham qo‘shimcha qiladi.

Moskva hukumati, millatchilar va mahalliy aholi Rossiya poytaxtida masjid qurish rejalariga qarshilik ko‘rsatib kelayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar berib kelgan.

Bugungi kunga kelib Rossiya aholisining necha foizini musulmonlar tashkil etishi yuzasidan aniq statistika yo‘q. Rossiya Milliy siyosati bo‘yicha vazir Vladimir Zorin oxirgi marotaba aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda ular soni 14,5 million ekanini e‘lon qilgan bo‘lsa, prezident Vladimir Putin Rossiyada musulmonlar nufusining 20 milliondan oshganini aytgan.

“Islom qo‘mitasi” raisi Haydar Jamol esa Rossiya hukumati dindorlar sonini kamaytirib ko‘rsatishga urinayotgani va aslida “Rossiyada musulmonlar soni 30 million atrofida” ekanini iddao qilib chiqdi.

Kuzatuvchilar Rossiyada mehnat qilayotgan xorijlik musulmon jamoasi soniga oid aniq raqamlar ham mavjud emasligini ta‘kidlamoqda.