O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida Rossiya kanallari ko‘rsata boshladi

O‘zbekistonliklar Rossiya kanallarini ko‘rishni boshladi

Bir haftadan buyon Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida aholi ko‘rib o‘tirgan o‘zbek TVsi kanallari yoniga yana o‘ndan ortiq rus kanallari qo‘shildi. UZDIGITAL TV kompaniyasi rasmiylariga ko‘ra, ayni paytda bu viloyatlarda yangi raqamli televideniening T-2 rejimi sinab ko‘rilyapti va bunga rus kanallari ham qo‘shilgan. Yangi yildan boshlab TV tomoshabinlari uchun ko‘rsatuvlar pullik bo‘lishi aytilyapti.

Namangan viloyatining Pop tumanida istiqomat qiladigan o‘qituvchi Sharif Abdullaevning aytishicha, bir haftadan buyon odamlar televizorda Rossiya kanallarini tomosha qilmoqda:

“Avvaliga o‘n beshta rus kanali ochilgan edi. Keyin beshtasi “net signala”ga o‘tib ketdi. Lekin qolgan o‘ntasi ko‘rsatyapti. Rossiyaning birinchi kanali, RTR, NTV, Zvezda va boshqa kanallari juda tiniq ko‘rsatyapti. Shu O‘zbekiston televidenielari oladigan antennadan ko‘rsatilyapti. Bizdagilar bu yaxshi bo‘ldi, endi sun’iy yo‘ldosh antennasi o‘rnatish ham shart emas, deyishyapti”, deydi Sharif Abdullaev.

Namanganlik televizor ustasi No‘’monjonning aytishicha, O‘zbekiston TVsi ko‘rsatuvlarini sifatli ko‘rish uchun odamlar tomdagi antennaga tyuner ulab olishgan:

“Hozir tyuner degan bir uskuna chiqqan. Shuni antenaga qo‘shib olsangiz raqamli TVga ulanasiz, ko‘rsatuvlar sifati juda yaxshi bo‘ladi. Kimning ana shunday tyuneri bo‘lsa o‘shalarning televizori rus kanallarini ko‘rsatyapti. Hozir deyarli hamma shu tyunerdan ulab olgan”, deydi No‘’monjon.

Hozir o‘zbekistonliklar ana shu tyuner orqali Rossiya kanallarini ko‘rishmoqda

UZDIGITAL TV kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisi Rossiya telekanallarining O‘zbekistonning katta viloyatlarida ko‘rsatilayotganini tasdiqlar ekan, bu yangi raqamli televideniening test sinovi ekanligini ta’kidladi:

“Hozircha bu testoviy rejimda, sinov tariqasida bo‘lyapti. Xudo xohlasa yangi yildan ochilsak, yangi oborudovanie sotib olib ishlatishsa bo‘ladi. Hozir O‘zbekistonning 12 kanalini “standart” rejimida ko‘rishyapti, endi T-2 rejimini sinayapmiz. Bunda boshqa kanallar ham qo‘shiladi, jumladan Rossiya kanallari ham. Yangi yildan boshlab raqamli televideniega ulanish pullik bo‘ladi”, dedi kompaniya mulozimi.

Andijonlik mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, yangi rejimdagi raqamli televidenieni ko‘rish uchun antennaga maxsus tyuner sotib olish shart bo‘ladi:

“Bu tyunerlar hozir bozorda 150-200 ming so‘m atrofida turadi. Asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan tyunerlar. Lekin men olgan ma’lumotga ko‘ra, yangi raqamli televidenie ishga tushganidan keyin O‘zbekistonning “Artel” kompaniyasi ishlab chiqargan tyunerlarga moslashtiriladi. Ya’ni o‘sha tyunerlarga o‘rnatilgan maxsus chiplar orqali to‘lovni amalga oshirish imkoni bo‘ladi”, dedi jurnalist.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Alimardon Annaevning aytishicha, o‘zbek televideniesi mustaqil bo‘lmagan va u butunlay tsenzura qilinadigan bir sharoitda Rossiya telekanallarining O‘zbekistonga yopirilib kirib kelishi xavflidir:

“O‘zbekistonda yillar davomida yaratilgan informatsion biqiqlik sababli odamlarning xolis axborotga bo‘lgan ehtiyoji juda oshib ketdi. Hozir odamlar asosiy xabarlarni O‘zbekistondagi internet saytlaridan o‘qiyapti. Ana shu saytlarda berilayotgan xabarlarning 90 foizi ruscha internetlardan tarjima qilinyapti. Ya’ni, bu xabarlarga rus jurnalistlari, Kreml prizmasi orqali qaralyapti. Ularning voqealarga munosabatlari, qarashlari singdirilyapti. Endi, butun O‘zbekiston barcha rus kanallarini ko‘ra boshlasachi? Balki undagi ko‘ngilochar dasturlarga ehtiyoj bordir, lekin Kreml ideologlarining bu televidenielar orqali aytadigan gaplari o‘zbekistonliklar uchun qanchalik zararli ekanligini tasavvur qilish qiyin emas”, deydi Alimardon Annaev.

Mustaqil jurnalist Alimardon Annaev bilan suhbatning to‘lig‘ini quyida tinglang:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Alimardon Annaev bilan suhbat: