Plastik kartochkaga sotish talabi ko‘mir narxini ko‘tarib yubordi

Andijon viloyati Izboskan tumani soliqchilari tadbirkorlarga ko‘mirni faqat plastik kartochkaga sotasan degan talabni qo‘yganidan so‘ng, tadbirkorlar ish faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlarning aytishicha, ayni paytda Izboskanda bir kilogramm sara ko‘mirning narxi 800 so‘mgacha chiqib ketgan.

Izboskan tumanida istiqomat qiladigan davlat xizmatchilaridan birining Ozodlikka xabar berishicha, shu kunlarda Izboskan tumanida ko‘mir topishning imkoni bo‘lmay qolgan:

“Bir haftadan buyon tumanimizdagi ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlar ko‘mir olib kelmay qo‘ydi. Nega deb so‘rasak, soliqchilar arzon sotasan deb qo‘yishmayapti ekan, shuning uchun ular ishlarini yig‘ishtirdi. Stansiyada ham ko‘mir yo‘q. Hozir yo‘lini qilib oz-moz olib kelganlar Angren ko‘mirini 700 so‘mdan, sarasini 800 so‘m sotishyapti. Lekin o‘sha ham yashirincha”, dedi xizmatchilardan biri.

Ismi sir qolishini istagan izboskanlik xususiy tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda soliqchilar qo‘yayotgan talab ularga to‘g‘ri kelmagani uchun savdoni to‘xtatgani haqida gapirdi:

“O‘zi sezon boshlanayotgan paytda, soliqchilar chiqib tadbirkorlardan “ko‘mirning kilosini 350 so‘mdan ortiq sotmayman, sotsam ham faqat plastikka sotaman” degan tilxatga qo‘l qo‘ydirib olishgan edi. O‘tgan hafta kelib, ikkinchi marta qo‘l qo‘ydirib olishdi. Shuning uchun hammamiz do‘konlarni yopdik. Chunki bu narxga ko‘mir sotish, bankrot bo‘lish degani”, dedi tadbirkor.

Uning aytishicha, xususiy tadbirkorlar bozor talabidan kelib chiqib ko‘mir sotayotgan edi:

“Bizda omborlarda ko‘mir yo‘q. Hukumat va’da qilgan ko‘mir hammaga yetmaydi. Shuning uchun ham Shahrixon, Qo‘shtepadagi xususiy tadbirkorlardan 1-2 tonna olib kelib, yashirincha bir-ikki qopdan sotyapmiz. Bu ko‘mir to‘g‘ridan-to‘g‘ri Angrendan olinmagani va qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgani uchun qimmat. Misol uchun, ular kilosini 600-650 so‘mdan sotsa, biz uni 700 so‘mdan sotamiz. Otbornisini 700dan olib, 800-850dan sotyapmiz”, deydi tadbirkor.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, soliqchilar tomonidan qo‘yilayotgan talablar ko‘mir narxining oshishi va ko‘mir taqchilligiga sabab bo‘lyapti:

“Biz ilgari Angrendan naqd pulga olib kelardik. Chunki pul o‘tkazish orqali olish juda qimmatga tushadi. Negadir, faqat bizning Izboskan soliqchilari shunday talab qo‘yishyapti. Bo‘lmasa, Shahrixonda ham, Qo‘shtepada ham bizga o‘xshagan savdogarlar ko‘mir olib kelib sotyapti. Hech kim ularning mushugini pisht demaydiku. Tadbirkor qancha ko‘p bo‘lsa, savdo nuqtalari qancha ko‘p bo‘lsa, bu raqobatni keltirib chiqaradi va o‘z-o‘zidan ko‘mir narxi pastlaydi. Lekin Izboskan tumani hokimligi va soliqchilari negadir tadbirkorlar va xalqning ziyoniga ishlashni yaxshi ko‘rishadi”, dedi tadbirkor.

O‘zini Izboskan tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shuhratbek deb tanishtirgan mulozim, Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlar iddaolarini asossiz, dedi:

“Ko‘mirning narxi belgilangan tartibda KRUga yuklatilgan, o‘shalar mahalla komitetlari bilan birgalikda sotishyapti. Davlat tomonidan beriladigan arzon ko‘mir bor. Tadbirkorlar esa naqd pulga ham sotyapti, plastikka ham sotyapti, hech qanday muammo yo‘q bu yerda”, dedi Izboskan tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shuhratbek.

Ozodlik bundan avval¸ ayrim tumanlarda ko‘mir olish uchun ur-to‘polonlar bo‘lgani, hatto militsiya xodimlari ham navbatni tartibga keltira olmagani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z saylovoldi chiqishida ko‘mir narxini tushirish yuzasidan qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilishini ma’lum qilgan edi:

“Ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda¸” deya ta’kidlagan Mirziyoev ko‘mir ishlab chiqarishning hajmi, aholi ehtiyojiga yetmaganini e’tirof qilgan edi:

“Mamlakatimiz bo‘yicha ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejasi 35 foizga, aholini ta’minlash bo‘yicha esa 17 foizga bajarilgan, xolos” deya taassufli raqamlar keltirgan nomzod ko‘mir narxini tushirishni va’da qilgan edi.

Ammo, Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘mir narxining tushishida ham, aholini ko‘mir bilan ta’minlash borasida ham hozircha ijobiy natija kuzatilgani yo‘q.

“O‘zbekko‘mir” aktsiyadorlik jamiyati bir yilda 3 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib oladi, bu miqdorning 85 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanadi.