O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonda O‘zbekistonda yashayotgan 179 kishiga fuqarolik berilgani qayd etilgan. Ozodlik radiosi ulardan biri bilan suhbatlashdi.
“O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lsam ham, fuqarolikni 20 yil kutdim!”
Prezident e’lon qilgan farmonda Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida tug‘ilgan 43 yashar Muzaffar Aymanovning ham familiyasi bor. 1996 yilda Muzaffarga "Fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasi" berilgan:
- Men 8-sinfni bitirib 1988 yilda Rossiyaga o‘qishga ketgan edim. Sog‘lig‘im sabab, 1991 yilda qaytib kelganman. O‘shanda meni uchyotga qo‘ymay, armiyaga jo‘natib yuborishgan. Ukrainada xizmat qilib 1992 yilda qaytib keldim. Kelganimdan keyin meni voenkomatda ro‘yxatga olishmagan. Bir yildan keyin doimiy ro‘yxatga olishdi. Keyin 1996 yilda "fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasi" berishdi. Yozmagan, arz qilmagan joyim qolmadi. Baribir fuqarolik berishmadi,- deydi Muzaffar.
Aymanov O‘zbekiston vatandoshligini 20 yil kutganini aytadi:
- Yigirma yildan buyon iltimosnoma yozaman. Lekin natija bo‘lmas edi. Go‘yoki o‘z vatanimda o‘zimni begonaday sezardim. Saylovlarda qatnasholmasdim, bir ish so‘rab borsam fuqaroligingiz yo‘q ekan, bo‘lmaydi, deyishardi. O‘zbekistondan tashqariga chiqolmasdim. Majbur yollanma quruvchi bo‘lib ishlab yurdim. Xudoga shukr, prezidentimizga rahmat. Bizga o‘xshagan o‘z vatanida vatansiz bo‘lib yurganlarning dardiga quloq soldi. Quvonchimning cheki yo‘q, dedi Muzaffar Aymanov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Muzaffar Aymanov bilan suhbat
Muzaffar Aymanov singari o‘z vatanida "fuqaroligi yo‘q shaxs" bo‘lib yurganlar, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha o‘n ming kishini tashkil etadi.
“O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmonda ana shunday odamlar kabi Qonun kuchga kirgan vaqtda turli ob’ektiv va boshqa hayotiy vaziyatlarga ko‘ra chet elda bo‘lganlarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida asosli qarorlar qabul qilish masalasi muhim ahamiyat kasb etayotgani aytilgan.
Farmonda bu kishilar O‘zbekiston konstitutsiyasining 93-moddasi 22-bandi hamda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 17- va 30-moddalari asosida vatandoshlikka qabul qilinganligi ta’kidlangan.
Vatandoshlik berish masalasini maxusus komissiya ko‘rib chiqadi
Toshkent shahar Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu farmonni sharhlar ekan, fuqarolik berish masalasi prezident devonidagi maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishini aytdi:
“Bu 179 kishining hujjatlari hammasi prezident devonida edi. Fuqarolik berish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqadigan komissiya shu odamlarni loyiq deb topgan. Biz faqat arizalar va hujjatlarni taqdim etamiz, agar komissiya lozim topsa beradi, topmasa yo‘q. Bu bizga bog‘liq emas”, dedi mulozim.
Vatandoshlik oladigan odam qonuniy tirikchilik manbasini ko‘rsatishi shart
O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i vatandoshlik olish uchun ancha hujjat to‘plash kerakligini aytdi:
“Aslida, amal qilayotgan qonunlar bo‘yicha, besh yilda fuqarolik masalasi hal qilinishi, ya’ni berilishi yo rad qilinishi lozim. Lekin o‘tgan 24 yil davomida O‘zbekistonda tug‘ilgan, lekin ish yoki taqdir taqozosi bilan qo‘shni davlatlarga borib qolgan vatandoshlar o‘z vatanlarida fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasi bilan yashashga majbur bo‘ldilar. Bugun salgina umid paydo bo‘ldi”, deydi mulozim.
Uning fikricha, bu umid sarobga ham aylanishi mumkin:
“Ayni paytda O‘zbekistonda yashayotgan o‘n minglab fuqaroligi yo‘q shaxslarga Fuqarolik to‘g‘risidagi Qonunning 17- moddasi yana qiyinchilik tug‘diradi. Bu moddaga ko‘ra, fuqarolik olmoqchi bo‘lgan odam “qonuniy tirikchilik manba”sini ko‘rsatishi, ya’ni ishlayotgani, qancha maosh olayotgani haqida spravkalarni taqdim qilishi kerak. Ana shu yerda muammo paydo bo‘ladi. Chunki, fuqaroligi yo‘q shaxslarning aksariyati qonuniy tirikchilik manbaiga ega emas. Chunki ularni ko‘p joylarda ishga olishmaydi. Ular mardikorlik, ustachilik yoki dehqonchilik qilib kun ko‘radilar. Endi ularning taqdiri qanday bo‘ladi, bunisi noma’lum”, deydi mulozim.
Mulozimning aytishicha, fuqarolikka ariza bergan odamlar kerakli bo‘lgan barcha hujjatlarni to‘plab, tuman XChKvaFR bo‘limiga topshiradi. Tuman uni ko‘rib chiqib viloyatga uzatadi, viloyat ko‘rib chiqib respublikaga va undan so‘ng prezident devoniga yetib boradi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon oylab davom etishi mumkin.
Prezident Islom Karimov hukmronligi davrida qo‘shni mamlakatda yashagan millatdoshlar u yoqda tursin, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, biroq taqdir taqozosi bilan qo‘shni respublikalarga turmushga chiqqan yoki ko‘chib ketgan, Mustaqillikdan so‘ng yana vatanga qaytgan ko‘p odam 20-25 yillab "o‘gay"lanib, ularga O‘zbekiston vatandoshligi berilmagani haqida Ozodlik avval ko‘p yozgan.
"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasida bu haqda shunday deyilgan:
17-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z iltimosnomalariga ko‘ra ushbu Qonunga binoan kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma’lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e’tiqodlaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish shartlari quyidagilardan iborat:
1) chet el fuqaroligidan voz kechish;
2) so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik.
Ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslarga, basharti ular shu yerda tug‘ilgan va hech bo‘lmasa ota-onasidan biri, buvasi yoki buvisi O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilganligini va boshqa davlatlarning fuqarosi emasligini isbotlasa, taalluqli bo‘lmaydi;
3) qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olish va bajarish.
Mirziyoevning kechagi farmoni bu jabhada “muz ko‘chgani”ning ishorasimi yoki istisno tariqasida olingan qarormi – buni shu kabi farmonlarning bundan buyon muntazam ravishda chiqib turishi yoxud chiqmasligi belgilab beradi.