“Bir dunyo Qirg‘iziston” huquqni himoya qilish markazi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi yolg‘on ma’lumot tarqatib, tashkilotni yomonotliq qilganini aytmoqda.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 24 yanvarda Qorasuv shahrida yashagan 34 yoshli shaxs “Hizbut Tahrir” tashkilotiga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Maxsus xizmatlar tarqatgan ma’lumotda, qo‘lga olingan shaxs uyidan Noutbuk, DVD-disklar va “Bir dunyo Qirg‘iziston” nodavlat tashkilotiga tegishli kitobchalar topilgani aytilgan.
Qo‘mita matbuot kotibi Raxat Sulaymanovga ko‘ra, tintuv chog‘ida tilga olingan nodavlat tashkiloti vakillari odamlarni to‘plab, janjal chiqarishga harakat qilgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘ash masalasi ko‘rilayapti:
- “Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkiloti tomonidan chop ettirilgan “O‘z huquqingni himoya qil” deb nomlangan o‘n kitob topildi. Qo‘lga olingan fuqaro uyida tintuv o‘tkazilayotganida qarshilik qilish harakatlari bo‘lgan. Hozir tergov chog‘ida qarshilik ko‘rsatgan degan holat bo‘yicha jinoyat ishi ochish masalasi qaralayapti. “Bir dunyo Qirg‘iziston” huquqni himoya qilish markazi advokati Valeriyan Vaxitov “Hizbut Tahrir” tashkiloti a’zochisi sifatida qo‘lga olingan odamning advokati, -dedi Rahat Sulaymanov.
“Bir dunyo Qirg‘iziston” huquqni himoya qilish markazi va advokat Valeriyan Vaxitov “tintuv paytida qarshilik ko‘rsatildi”, degan bayonot yolg‘on ekanini aytmoqda.
- Maxsus xizmatlar “Bir dunyo Qirg‘iziston”ning qaysi vakili tergovga qarshilik ko‘rsatganini aniqlab aytib berishsin. Men advokatman. Bu ishga 20 yanvardan boshlab, qo‘lga olingan odam yaqinlari murojatidan so‘ng aralashdim. Maxsus xizmat vakillari esa uning uyida 19 yanvarda tintuv o‘tkazgan. Shu sababli “to‘sqinlik qildi”, deyish asossiz. Bunday ma’lumotni qaerdan olishgani ham noma’lum, - dedi advokat Valeriyan Vaxitov.
Hozirda, “Bir dunyo Qirg‘iziston” huquqni himoya qilish markazi maxsus xizmatlar raisi Abdil Segizbaevga maktub yuborgani ma’lum bo‘ldi. Tashkilot rahbari To‘leyqan Ismailova bu voqeani nodavlat tashkiloti obro‘sini to‘kish harakati deb hisoblaydi:
-Qo‘lga olingan yigit Shvetsiyada ishlab yurganida din masalasida muhokama bo‘lgan ekan. O‘sha tadbir yutubda e’lon qilingan ekan. Shuning asosida maxsus xizmat u bolani 19 yanvar kuni qo‘lga olgan. O‘sha chog‘da biz Azimjan Asqarovning sudida edik. Bu voqeaning bizga aloqasi yo‘q. Bizning tashkilot hech qanday yordam bermagan, ko‘rmagan ham. Bu bizni qoralash deb hisoblaymiz. Agarda xavfsizlik qo‘mitasi o‘zlari tarqatgan ma’lumotni ikki-uch kun ichida inkor qilmasa, biz sudga murojat qilamiz, -dedi To‘leyqan Ismailova.
Huquq faoli diniy ekstremizmda ayblanib qo‘lga olingan shaxsning uyidan topildi degan kitoblar, fuqarolarning o‘z huquqini himoya qilishga chaqirilgan nashrlar ekanini, bu kitoblar 2013-yildan buyon aholi orasida tarqatilib kelinayotgani aytdi.
- Biz bu materiallarni mamlakatning barcha hududlarida tarqatganmiz. Davlat avtoinspeksiya hodimlari ishini yaxshilaymiz, yo‘ldagi falokatlarni ozaytiramiz deb kitob chiqarganmiz. Biz u kitoblarni masjidlarda ham tarqatganmiz. Kitobda “huquq - tartibot organlari noqonuniy ushlasa, o‘z huquqingizni qanday himoya qilishingiz mumkin”, degan ma’lumotlargina bor,-dedi To‘leyqan Ismailova.
“Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkiloti va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi voqeani huquq himoyachilariga nisbatan bosim sifatida baholaganlar ham bor. Shunday fikrga mamlakat sobiq ombudsmeni Tursunbek Aqun ham qo‘shiladi.
- “Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkilotining ekstremistik tashkilotlarga aloqasi yo‘q. Bu qoralash, yomonotliq qilish harakati. Huquq faollarini ta’qib qilish, deb hisoblayman. Biroq tashkilot rahbari To‘leyqan Ismailovaning o‘zi ham Qodirjon Botirovni, Azimjon Asqarovni himoya qilayapti. Shu sababli maxsus xizmatlar bu tashkilotga qiziqish bildirayapti, -Tursunbek Aqun.
Aytish joizki, “Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkiloti bilan maxsus xizmatlarning o‘rtasidagi janjalli voqea bundan avval ham kuzatilgan. Bundan ikki yil avval tashkilotning O‘shdagi idorasi xodimlari Valeriyan Vaxitov vaHusanboy Soliev uyida tintuv o‘tkazilgan.
O‘shanda “Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkiloti sudga murojaat qilgan va sud maxsus xizmatlarning harakatlarini noqonuniy deb topgan edi.