Toshkentning Sergeli tumani "Yo‘ldosh" mavzesida joylashgan bundan 50 yil muqaddam qurilgan yog‘och uylar - "vremyanka"larni buzish ishlari jadallashmoqda. Ozodlik mobil muxbirining ma’lum qilishicha, rasman o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlangan buzish ishlari qish chillasida ham davom etmoqda.
Uyi buzilayotganlarga ko‘ra, tuman va shahar hokimiyatlari buzilayotgan ularga tumanning o‘zida sotuvga chiqarilgan uylar olib berilmoqda.
"Tuman va shahar hokimiyatlari buzilayotgan uylarning egalariga tumanning o‘zida sotuvga chiqarilgan uylardan boshpana sotib olib bermoqda," - dedi yog‘och uydan yangi kvartiraga ko‘chirilgan Anastasiya Fomenko Ozodlik mobil muxbiriga.
Uning ilova qilishicha, taxta uyda istioqmat qilgan boshqa oilalar ham Sergelidagi boshqa uylar bilan ta’minlangan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Йўлдош" мавзесида бузилаётган ёғоч уйлар
Ayni paytda "Yo‘ldosh" mavzesidagi mahallalardan biri raisining aytishicha, uyi buzilayotgan shaxslarga uy sotib olish jarayoniga shaxsan Sergeli tumani hokimi boshchilik qilmoqda.
"Uyi buzilayotgan uylarga sotuvdagi uylardan topib, sotib olib berayapmiz. Bu ishlarni hokim Furqat Maqudxo‘jaevning shaxsan o‘zi nazorat qilb turibdi. Hozirgacha biron kishi shikoyat qilgani yo‘q. Ko‘plar umid qilib turibdi yangi uy olishga," dedi mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan biri mikrofonsiz suhbatda.
Toshkentning Sergeli tumani “Yo‘ldosh” mavzesidagi yog‘och uylar buzilib, ularning o‘rnida 500 ta ko‘p qavatli uylar qurish va er usti metro yo‘llari o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2016 yil 25 sentyabrь kuni tumanga qilingan safar chog‘ida bildirilgan edi.
Oradan 5 kun o‘tib Sergeli tumani hokimi "Yo‘ldosh" mavzesidagi Jo‘nariq, Sofdil, Nilufar, Chorbog‘, Yo‘ldosh, Choshtepa, Viqor, Al Farg‘oniy va Yorqin hayot mahallarida joylashgan uylarga fuqarolarni doimiy ro‘yxatga olish ishlarini to‘xtatishga buyurdi.
Mavzedagi yog‘och uylarni buzish ishlari esa rasman noyabr oyida boshlandi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
OZOD-VIDEO: Тошкентнинг Спутник даҳаси зилзиладан ярим аср ўтиб
Ushbu uylar yarim asr muqaddam 1966 yildagi kuchli zilziladan oldin Toshkent garnizoni harbiylari uchun qurilgan bo‘lib, zilziladan keyin yog‘och uylarda favqulodda tartibda uysiz qolgan shahar aholisi joylashtirilgan edi.
Besh yil ichida barak uylar buzib tashlanib, ular o‘rniga yangi turar-joylar qurilishi kerak edi.
Ammo, ushbu baraklarda yuzlab oila yarim asrdan ko‘proq vaqt yashadi.
5 oktabr kuni Sergeli hokimi Furqat Maqsudxo‘jaev "Olmazor" metro stantsiyasidan Sergelining "Yo‘ldosh" mavzesiga qadar davom etadigan yer usti metro tarmog‘i qurilishi 2016 yilda boshlanib¸ to‘rt yil davom etajagini bildirdi.
Sergelidagi metro bekatlaridan birining eskizi
Ayni shu kuni mahalliy nashrlarda Toshkent shahar hokimligidan olingani aytilgan Sergeli yo‘nalishida oltita stansiya qurish rejalangan dastlabki loyiha suratlari paydo bo‘ldi.
Sergeli hokimiga ko‘ra, yangi yo‘nalish uzunligi 8 km ni tashkil etib, unda oltita stantsiya faoliyat ko‘rsatadi. Tarmoqning 6 kilometri yer ustida joylashadi.
"Yo‘nalish Choshtepa, Mirzo Tursunzoda va Qipchoq ko‘chalari bo‘ylab "Yuldosh" mavzesidagi Marli ko‘chasiga qadar davom etadi. Qurilish ishlari joriy yilda loyiha ishlanmasi yakunlanishi bilanoq boshlanadi"¸ deya iqtibos keltirdi o‘zbek nashrlari Sergeli hokimidan.