Jurnalist Dilmurod Saidov amnistiyadan mahrum qilindi

Jurnalist va huquq faoli Dilmurod Saidov O‘zbekiston Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyadan mahrum qilindi. Uning jamoatchi himoyachisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, 2 fevral kuni Saidovning ishini ko‘rgan maxsus komissiya uning xulqiga nisbatan ijobiy tavsif bermagan.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Vasila Inoyatova shu yilning 20 yanvar kuni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tkazilgan taqdimot marosimida Saidovning fevral oyi boshlarida ozod qilinishi mumkinligini aytgandi.

“Fuqarollik jamiyati vakillarining ozod qilinishi seriyasida hamkasb do‘stimizning ham uyiga qaytishi borasida taxminlar bor edi. Afsuski, endilikda unga nisbatan amnistiya aktining tatbiq etilmagani, unga berilgan jazo muddatining qisqartirilmagani ma’lum bo‘ldi. Boz ustiga, jamiyatimizga uning yaqinda yozilgan qo‘lyozmasi kelib tushdi. Maktubda huquq faoli yozgan shikoyatlarining o‘z manziliga yetib bormayotganini ta’kidlagan”, deydi A. Tashanov.

Ayni paytda, huquq faoli mahkum Dilmurod Saidov bundan norozi bo‘lib, tegishli instansiyalarga shikoyat xati jo‘natganini aytmoqda.

Unda mahkum O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiev nomiga yo‘llagan shikoyat xatlari o‘z manziliga yetib bormaganini aytgan.

Sadiovning iddaosicha, mazkur qonun buzilish holatiga nisbatan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ko‘z yumib kelmoqda.

Maktub davomida Dilmurod Saidov o‘z vaqtida manziliga etib bormagan shikoyatlarini bundan bir necha kun avval elektron shaklda mazkur instansiyalarga yo‘llashga muvaffaq bo‘lganini aytadi.

Shuningdek, jurnalist shikoyatda o‘ziga ochilgan jinoyat ishi soxta ekanini da’vo qilib, tergov va sud jarayonlarida qo‘pol protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilganini isbotlashga harakat qilgani, ammo bu shikoyatlarning to‘liq o‘rganilishi va jinoyat ishining bekor qilinishiga nisbatan umid qolmaganini aytmoqda.

“So‘nggi marta uchrashuvimizda akam qamalgan paytdagi vaznining teng yarmini yo‘qotgani, uning surunkali sil xastaligi xuruj qilayotgani va ruhan tushkun ahvolda ekani meni iztirobga soldi. Akam xalqaro tashkilotlar, jamoatchilikning ko‘magiga umid qilmoqda, iltimos u kishini o‘z holiga tashlab qo‘ymanglar”, deydi mahkumning ukasi Obid Saidov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi faoli bo‘lgan Dilmurod Saidov jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Toyloq tumani sudi hukmi bilan tovlamachilikda ayblanib, 2009 yilda 12,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.