Toshkentda notarius ayol poraxo‘rlik uchun 5 yilga kesildi. O‘qituvchilarni hashar ishlariga jalb etish to‘xtatilishi talab etildi. Namangandagi kollejlarda elektr muntazam uzib qo‘yilayotgani o‘qish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
_______________________________________________________________
Toshkentda notarius ayol merosni rasmiylashtirish evaziga pora talab qildi
Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida katta notarius sifatida faoliyat yuritgan notarius ayol poraxo‘rlik uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 23 fevral). Ismi oshkor etilmagan notarius meros bo‘yicha murojaat qilgan fuqaroni sarson-cargardon qilgan, hujjatlarni tayyorlab kelganidan keyin ham ishni paysalga solgan. Pirovardida notarius ayol merosni rasmiylashtirishni tezlashtirish evaziga 200 AQSh dollari talab qilgan. Noiloj qolgan fuqaro pora miqdorini amallab 100 dollarga tushirgan. Keyin esa bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Katta notarius pora olayotganda qo‘lga tushirilgan. Sud katta notariusni ma’lum muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etgan.
Matbuot: O‘qituvchilarni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish to‘xtatilsin!
Xalq ta’lim tizimida sifat va samaradorlikka erishish uchun o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga jalb etishni to‘xtatish kerak (“Darakchi”, 23 fevral). Bu fikr ta’lim tizimidagi muammolarga oid so‘rov jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan. “Qishloq xo‘jalik ishlariga ham ularni band qilishlari sifatli ta’lim berishga xalaqit beradi. Yana bir eng muhim muammo: sinflarda o‘quvchilar kontingenti masalasi. Masalan, maktablarda bitta sinfda 40 nafardan ortiq o‘quvchi bor... Bu holat bilan umumta’lim tizimida sifat samaradorligi bo‘lishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Andijondan Nasiba Rahmonova. Shuningdek, maqolada o‘qituvchilarga ustama haq tayinlash jarayonida hududlarda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilingan.
Hafta savoli: Kollejlarda elektr muntazam uzilsa va xonalar sovuq bo‘lsa o‘quvchini darsga qanday qiziqtirish mumkin?
Namangan viloyatidagi ayrim kollejlarda elektr muntazam uzib qo‘yilayotgani bois o‘quvchilar kompyuter va boshqa texnik vositalardan foydalana olmayapti (“Oila va jamiyat”, 22 fevral). Elektr tanqisligi bois o‘qituvchilar darslarni ko‘pincha nazariy jihatdan tushuntirishga majbur bo‘lmoqda, bu esa o‘z navbatida davomadning 35-40 foizga tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. “Mavjud kompyuter vositalaridan foydalanish imkoni yo‘q bo‘lsa, buning ustiga sinfxonalar sovuq bo‘lsa, o‘quvchini darsga qanday qiziqtirish mumkin?” degan ismini oshkor etishni istamagan tajribali pedagog. Gazetaga ko‘ra, o‘quvchilarning davomadi bilan bog‘liq bu kabi muammolarni mamlakatning ko‘plab kollejlarida uchratish mumkin.
O‘zbekistondagi qaysi tuman ishchilari oylikni to‘liq naqd pulda olishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Prezidentining fevraldagi qarorida mamlakatdagi bir qator tumanlar byudjet tashkilotlari xodimlari oylik maoshni to‘liq naqd pulda olishi belgilangan edi. “Oila davrasida” gazetasi Adliya vazirligi matbuot xizmatiga tayangan holda o‘sha olis va tog‘li tumanlar ro‘yxatini e’lon qildi.