O‘zbekistonlik 9 mehnat muhojiri Qozog‘iston-Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganida Rossiya chegarachilari tomonidan qo‘lga olindi va Rossiyaga kiritilmadi. Ma’lum bo‘lishicha, muhojirlar sovuqda qolib, oyoqlarini sovuq urgan.
2017 yilning 12 fevralida Rossiyaning Qo‘rg‘on va Tyumen viloyatlari bo‘yicha FSB boshqarmasining Chegara xizmati xodimlari Tselinniy tumanida Qozog‘istondan chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan 9 nafar shaxsni, jumladan ikki ayolni hibsga oldi.
Qozog‘istonning Kostanay viloyati tomonidan noqonuniy kirib kelganlarning hujjatlari tekshirilganida ularning hammasi O‘zbekiston grajdanlari ekani ma’lum bo‘ldi.
Youtube tarmog‘ida viloyat Chegara boshqarmasi xodimlarining hodisa joyidan olingan operativ videotasviri paydo bo‘ldi. Unda chegarani qalin qorda kesib o‘tib kelayotgan muhojirlar guruhi tasvirga olingan.
Chegara xizmati o‘zbek muhojirlari hayot va sog‘lik uchun o‘ta xavfli yo‘lni tanlaganliklarini xabar qilmoqda. Qalin yoqqan qor va sovuq haroratda chegara postlarini aylanib o‘tgan muhojirlar sovuq qotib qolgani, ulardan to‘rt nafari chegara xizmatchilari tomonidan mahalliy shifoxonaga olib kelingani va ularga oyoqning sovuq urishi tashhisi qo‘yilgani aytildi. Shifokorlar o‘zbekistonlik muhojirlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi: baxtli tasodif tufayli birortasining ham oyoqlari amputatsiya qilinmadi.
Chegara xizmatida chegarabuzar O‘zbekiston vatandoshlarining aksari muqaddam Rossiyada ishlagani, biroq migratsiya qonunchiligini buzgani va ma’muriy javobgarlikka tortilgani uchun mamlakatdan badarg‘a qilinganini bildirdi. Shu sababli, Rossiyaga qonuniy yo‘llar bilan kirish imkonidan mahrum etilgan migrantlar Rossiya-Qozog‘iston chegarasini chegara postlarini aylanib o‘tib kirmoqchi bo‘lgan.
Qo‘rg‘on va Tyumen viloyatlari bo‘yicha FSB boshqarmasini 9 nafar O‘zbekiston grajdaniga nisbatan davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik (RF Jinoyat Kodeksining 322 moddast 3 qismi) aybini qo‘ydi.
Tergov materiallari FSBning Qo‘rg‘on viloyat boshqarmasiga topshirildi. O‘zbekistonlik mahbuslar tergov yakuniga qadar tergov izolyatorida qoladi. FSB bu muhojirlar uchun Rossiya chegarasi umrbod yopilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Ozodlik Rossiyaga kirish taqiqlanganligi sababli uning chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganida qo‘lga tushayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar haqida xabar berib keladi.
Shu yilning yanvarida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida ikki o‘zbekistonlik ayol Qozog‘iston tomonidan chegarani daryo bilan noqonuniy kesib o‘tganlikda aybdor deb topilib, 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgani haqda xabar qilingan edi.
O‘tgan yilning oktyabrida Omsk viloyatining Nazivaev shahar sudi Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan o‘zbekistonlik 50 yashar Zaynab Rahmonovani 6 oyga ozodlikdan mahrum etgan edi. O‘zbekiston vatandoshi, oldin Rossiyadan deportatsiya qilinganga qaramasdan, Rossiya hududiga yana kirish uchun ”noma’lum shaxslarga” 1200 dollar to‘laganini aytgan.
Joriy yilning fevralida Qozog‘iston vatandoshi "GAZel" avtomobili kuzovida, fanerlar ostida yashirgan 6 nafar o‘zbekistonlikni, Rossiya hududiga olib o‘tish paytida Orenburg viloyati chegarachilari tomonidan hibsga olingandi.
Rossiyaning Zauralye mintaqasida O‘zbekiston vatandoshligiga ega 30 yoshli erkak va 40 yoshli ayol elektropoezdning yuk vagonida Rossiya hududiga noqonuniy kirishga urinib ko‘rgani uchun javobgarlikka tortilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, aksar hollarda chorasizlik va ishsizlik tufayli muhojirlar, taqiq qo‘yilganiga qaramasdan, Rossiyaga ish izlab kelishga majbur bo‘lishadi.
Rossiya Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi uch yilda 1 million 700 mingdan ziyod mehnat muhojiriga Rossiyaga kirish taqiqlangan.