Eron tomonining bu aybloviga Oq Uy 27 iyun kuni bergan bayonot sabab bo‘ldi. Vashington Suriya prezidenti Bashar Asad qo‘shinlari kimyoviy hujumga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligi, agar amalga oshirilsa, Asadga bu harakati "qimmat tushishi"dan ogohlantirdi. Fransiya prezidenti ham qarshi javobda AQShni quvvatlashini bildirdi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif 27 iyun kuni yozgan tvitida: "Bu AQShning soxta ma’lumotga asoslanib, Suriyadagi vaziyatni yana bir karra xavfli tarzda keskinlashtirishidir. Bu Iroq va Suriya halqi tomonidan surib chiqarilayotgan "Islom davlati" ekstremist guruhi foydasigagina xizmat qiladi", deya bayonot berdi.
Eron tomonining bu ayblovi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham AQSh prezidenti Donald Trampni quvvatlab, Suriya rahbarini keskin javobdan ogohlantirib turgan bir paytda yangradi.
Ayni paytda, Eron Rossiya bilan birga Asadning yaqin ittifoqchisi bo‘lib qolmoqda. Kreml ma’muriyati ham Vashingtonning ogohlantiruvini "qabul qilib bo‘lmas tahdid" deb baholadi.
Hozirgi paytda Eron tomoni "Islom davlati" ekstremist guruhiga qarshi kurashda Asad hukumatiga quruqlik qo‘shinlari, Rossiya esa havo qo‘shinlari bilan yordam bermoqda.
27 iyun kuni AQSh tomoni Suriya hukumati kimyoviy hujumga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida bayonot berdi va agar bunday hujum amalga oshirilsa, hukumatga bu harakati "juda qimmatga tushishi mumkinligi"dan ogohlantirdi.
Pentagon bergan ma’lumotga ko‘ra, bunday taxminga asos bo‘lgan harakatlar Suriya armiyasining Shayrat ba’zasida kuzatilgan.
Oq Uyga ko‘ra, ayni harakatlar aprel oyida isyonchilar egallagan Xon Shayxun shahriga kishi nerv tizimini ishdan chiqaruvchi sarin gazi sepilishidan oldin kuzatilgan.
O‘sha kimyoviy hujum paytida o‘nlab odam o‘lgan edi. Buning ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Shayrat havo bazasiga raketa bilan hujum qilishga buyruq bergan. AQSh tomoniga ko‘ra, Xon Shayxunga kimyoviy bomba tashlagan samolyotlar aynan shu havo bazasidan ko‘tarilgan.
Damas rahbariyati kimyoviy hujumga buyruq bergani haqidagi ayblovlarni inkor qilib keladi. Prezident Asad Xon Shayxundagi hujumni o‘ziga qarshi uyushtirilgan, deb rad etgan.
27 iyun kuni AQSh prezidenti bilan telefonda gaplashgan Fransiya prezidenti Suriyada yana bir kimyoviy hujum uyushtirilgan taqdirda, AQSh bilan birga javob qaytarishga hozirligini bildirdi.
AQSh tomoni keyingi oylar ichida Suriyadagi havo bazasida harbiy personal sonini qariyb ming kishiga yetkazdi. Pentagon ham Raqqa shahrida qolayotgan ID jangarilariga qarshi harbiy amaliyotini kuchaytirmoqda.
Ayni paytda AQSh qo‘shinlari ular bilan bir maydonda jang qilayotgan va Asad armiyasini quvvatlayotgan Eron harbiylari bilan to‘qnashuvga kirishmoqda.
Jumladan, AQSh harbiylari Eronga tegishli bir necha dronni urib tushirdi. AQSh tomoni Suriya qo‘shinlariga ittifoqchi bo‘lgan va Eron quvvatlagan qurolli guruhlar ustiga bomba tashladi. Bundan tashqari, Pentagon xalkaro qo‘shinlarga ittifoq bo‘lgan isyonchilarni bombalamoqchi bo‘lgan Suriya armiyasi uchoqlarini ham urib tushirdi.
Oq Uyning so‘nggi bayonotidan keyin, kimyoviy hujum bo‘lgan holda, qarshi hujum faqat Asad armiyasi emas, uning ittifoqchilarini ham nishonga olishini aniq-tiniq bildirdi.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Haley: "Bu yerda maqsad faqat Asadni ogohlantirish emas, balki Rossiya va Eronni ham ogohlantirishdir", dedi.
Hozircha Asad ma’muriyati AQSh ogohlantiruvlariga rasman javob bergani yo‘q.
Aksincha, 27 iyun kuni prezident Asad Rossiyaning Suriya g‘arbidagi havo bazasiga bordi. Rus generali Valeriy Gerasimov bilan birga SU-35 harbiy samolyotining boshqaruv kabinasiga kirdi.
"Suriya xalqi Rossiyadagi birodarlarimizning bu yordamini unutmaydi", dedi, jumladan, Xmeymim bazasidagi mehmonlar daftarida yozuv qoldirgan Bashar Asad.