7 iyul kuni Germaniyaning Hamburg shahrida G20 sammiti bilan birga yangi tartibsizliklar boshlanib ketdi. Hokimiyat idoralarining bildirishicha, isyonchilar politsiya mahkamasiga hujum qildi va uning avtomobillarini yoqib yubordi.
Rivojlangan mamlakatlar rahbarlari 7-8 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan sammitga yig‘ilishi bilan tartibsizliklar yanada avj olib ketdi.
Sammit kun tartibiga savdo-sotiq va iqlim o‘zgarishi singari masalalar muhokamasi kiritilgan.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Jan-Slod Yunkerning jurnalistlarga, sammit qatnashchilari Hamburg ko‘chalaridagi norozilik namoyishlariga "ko‘r va kar" bo‘lib turgani yo‘q, deb aytdi.
AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp bilan Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchrashuv ham noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
AQSh prezidenti lavozimiga kirishgandan beri birinchi marta Putin bilan ayni sammit doirasida uchrashadi.
Tomonlar Suriya va Ukraina bilan bog‘liq munosabatlarda tobora chuqurlashib borayotgan tanglikka barham berishi va Rossiyaning AQSh prezident sayloviga aralashgani haqidagi iddaolarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Tadbir oldidan politsiya bilan norozilik namoyishchilari to‘qnashishi oqibatida o‘nlab politsiyachilar va namoyishchilar yaralandi.
7 iyul kuni Hamburg shahri politsiyasi hokimiyat vakillari «isyonchilar» deb atayotgan kishilar mahkamaga hujum uyushtirgandan so‘ng 7 ta suv sepish mashinasini tadbir o‘tayotgan joy yaqiniga joylashtirdi.
Politsiya ommani tarqatib yuborishga urindi va ayrim namoyish ishtirokchilarni kuch ishlatib sudrab olib ketdi. Shundan so‘ng ayrim namoyishchilar, "Biz tinchlik kishilarmiz. Sizlar-chi?" deb baqirdi.
Germaniya federal politsiyasi Tvitterda, Hamburgning Altona tumanida yonuvchi moddalar uloqtirgan, politsiya mashinalarini yoqib yuborgan "buzg‘unchi shaxslarga qarshi amaliyot o‘tkazilmoqda", deb bayonot berdi.
6 iyul kuni ro‘y bergan to‘qnashuvlarda, taxminan, 75 nafar politsiya xodimi yaralandi, 3 kishi kasalxonada yotib davolanishiga to‘g‘ri keladi, deb aytdi politsiya vakili. Ayrim namoyishchilar lazer nuri bilan nishonga olgani uchun politsiya vertolyotlari uchuvchilari ko‘zidan jarohat oldi.
Ayrim namoyishchilar ham yarador bo‘ldi. Ayni choqda boshqalari ko‘chalarda daydish, shisha uloqtirish, oynalarni sindirish, avtomobil va boshqa ob’ektlarga o‘t qo‘yish bilan tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
6 iyul kuni Hamburg ko‘chalariga 13 ming nafar norozilik namoyishchisi, jumladan, 1000 nafar qora kiyim kiygan va niqob taqqan anarxist chiqdi. Politsiya zirva o‘tadigan haftada ushbu port shaharga 100 mingga yaqin namoyishchi kelishi kutilayotgani aytdi. Germaniya xavfsizlikni ta’minlash uchun 20 ming politsiya xodimini safarbar qildi.
Sammit oldidan unda ishtirok etadigan mamlakatlar rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar ham yaxshi bo‘lmadi. Germaniya kansleri Angela Merkelning 20 ta iqtisodi rivojlangan mamlakat rahbarlari zirva oxirida e’lon qiladigan kommyunike matnini kelishib olish uchun ancha yelib-yugurishiga to‘g‘ri keldi.
6 iyul kuni Merkel AQSh prezidenti Tramp bilan uchrashgandan so‘ng Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel iqlim o‘zgarishi va savdo-sotiq masalasida "aniq tafovutlar" ishtirokchilarni ikkiga bo‘lib qo‘yganini, ammo «ko‘plab umumiy jihatlar" topilganini bildirdi.
– Bugun global savdo masalasida amerikaliklarning o‘z mamlakati yutishi yoki yutmasligi ahamiyatli ekaniga ishonib qolgani asosiy muammo bo‘lib turibdi, – dedi u ARD telekompaniyasiga bergan intervьyusida. – Uni hal etish uchun biz amerikaliklarni hamma bir xil o‘yin qoidasiga amal qilishi kerakligi va bu hamma uchun yaxshi bo‘lishiga ishontira olishimiz kerak.
G20 ga a’zo mamlakatlar rahbarlari odatda har doim protektsionizmga qarshi kurashishga va’da berib kelar edi, biroq Trampning "Avvalo Amerika" printsipiga asoslangan savdo siyosati u lavozimiga kirishgandan beri globalashuv va savdo-sotiq massalasida murosaga kelishga xalaqit bera boshladi.