Lola Karimova-Tillaeva elchilikdan ketishini e’lon qildi

Marhum prezidentning kenjasi onasi bilan Oqsaroydagi Karimov ish stoli yonida.

Marhum prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining YuNESKOdagi elchisi lavozimidan ketajagini e’lon qildi.

Reuters agentligining bildirishicha¸ 39 yashar Karimova-Tillaeva bundan so‘ng asosiy vaqtini otasi nomi berilgan xayriya tashkiloti faoliyatiga ërdam berishga sarflashini bildirgan:

- Yaqin kelajakda men oilam¸o‘z maqsadlarim¸ Islom Karimov jamg‘armasi¸ qolaversa boshqa ijodiy¸ xayriya va madaniy loyihalarning ijrosiga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida elchilik rolimdan ketmoqchiman¸ dedi dushanba kuni O‘zbekistonning islomiy madaniyat va fan merosiga oid Samarqanddagi konferensiyada qilgan chiqishida Karimova-Tillaeva.

Ayni paytda marhum prezidentning xorijda yashab kelayotgan kenja qizi elchilikdan ketganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytish-qaytmasligiga to‘xtalmadi.

2008 yil O‘zbekistonning bosh qarorgohi Parijda joylashgan BMTning maorif¸ fan va madaniyat tashkiloti bo‘lgan YuNESKOdagi doimiy namoyandasi lavozimiga tayinlangan Lola Karimova-Tillaevaning eri Timur Tillaev import va transport sohasida O‘zbekistondagi eng yirik Abu Saxiy shirkatining egasidir.

Shu yilning 10 iyulida «Vanity Fair» nashri Lola Karimova-Tillaeva oilasi bilan Los-Anjelesda yashashi, u yerda kichik do‘konlar tarmog‘ini ochgani, lekin asosiy vaqtini Parijda o‘tkazishini yozgan edi.

So‘nggi paytlarda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida marhum prezident kenjasining o‘zini Lola Karimova-Tillaeva emas, balki Lola Tillaeva sifatida tadim qilgani kuzatildi.

Lola Karimova-Tillaeva hozirda O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi rahbaridir. Shuningdek, «Sen Yolg’iz Emassan» respublika jamoatchilik jamg‘armasining vasiylar kengashi raisi, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidentidir.

Keyingi yillarda u nomi Shveysariyada yashovchi puldorlar ro‘yxatidan o‘rin olgan shaxs sifatida ham bot-bot tilga olinmoqda.

Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova esa¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ hozirda qamoqda saqlanmoqda.