O‘zbekistonlik shoira, so‘nggi yillar ichida ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan Malika Salimova Aqto‘be qurbonlari xotirasiga she’r yozdi va uning fojia kuni yozilgan she’riga bastalangan qo‘shiq ikki kun so‘ngra Youtube tarmog‘iga yuklandi.
"Bir o‘tda yongan 52 o‘g‘lon"
Ozodlikka bergan intervyusida shoira Aqto‘be fojiasi haqidagi xabarni olgan kuniyoq 24 misralik she’rni yozgani, bu dahshatli hodisadan so‘ng 3 kungacha o‘ziga kelolmay yurganini aytdi.
- 3 kungacha o‘zimga kelolmay yurdim. 52 odamning bir o‘tda yonishi - bu dahshat! Ularning ortida qolgan ota-onasi, oilalari bir yonda, ularning shunday dahshatli azobda jon bergani bir yonda. Men 3 kun kuydim, bu xabarni eshitib. Bu she’rni qanday yozganimni bilmayman, yozdimu Internetga qo‘ydim. Bu she’rga yozilgan qo‘shiqni 3 kun tinmay eshitdim - go‘yoki, dardimga malham bo‘lganday bo‘ldi, - dedi Malika Salimova.
Quyida shoira bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Малика Салимова: Ақтўбе фожеасига 3 кун куйдим - 52 одамнинг битта ўтда ёниши даҳшат!
"52 vatandosh xotirasiga"
Malika Salimovaning she’riga bastalangan "52 vatandosh xotirasiga" nomli qo‘shiq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng tarqalmoqda.
Qo‘shiqni namanganlik 32 yashar xonanda Sardor Mamadaliev ijro etdi.
"O‘zbek yigitlari juda g‘ururli yigitlar"
Ijtimoiy tarmoqlarda vatan, xalq, millat va ayol qismati haqidagi she’rlari bilan tanilgan 53 yashar ijodkor - Malika Salimovaning ko‘plab she’rlari O‘zbekistonda tanilgan xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib, ijro etilgan.
Shoira bular orasida "O‘zbeklarim" she’riga bastalangan qo‘shiqni sevishini aytadi.
- Ko‘ksimni qalqon qilgim keladi, o‘zbek xaqiga. Kuni kecha Internet tarmog‘ida Moskvada ikki o‘zbekning mashinada yomon ish qilib o‘tirgani haqidagi xabarni o‘qib juda hafa bo‘ldim. Men ishonmayman bunga. O‘zbek yigitlari juda g‘ururli yigitlar! Kamtardir, hokisordir, mehnatkashdir, lekin unaqa fohishabozlik, xunuk ishlarni qilishiga men ishonmayman. Bo‘lishi mumkindir, bitta-ikkita adashgani, ammo kurmaksiz guruch qaerda bor?! Buning uchun yana o‘zbek millatini yomon otliq qilishlaridan juda hafa bo‘ldim, - degan shoira 25 yanvar kuni Facebook tarmog‘ida e’lon qilgan yangi she’rini o‘qib ko‘rishni taklif qildi.
Ushbu she’rda, jumladan, shunday satrlar bor:
Biz farishta demayman, to‘g‘ri,
Kurmagi yo‘q guruch qayda bor.
Faqat hamma kazzobu, o‘g‘ri,
O‘zbek deganingiz g‘irt bekor.
Uning aybi, mehnatdan qochmas,
Og‘ir demas biron yumushni.
Qancha loyga botiring, illo,
Rangi o‘chmas oltin, kumushning!
Quyida Malika Salimovaning "O‘zbeklarim" she’riga bastalangan qo‘shiqni tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ўзбекларга қўшиғи
Malika Salimova so‘nggi yillar ichida yozgan she’rlari Facebook tarmog‘ida sevib o‘qilayotgan shoiradir.
53 yashar Malika Salimova Toshkentda tug‘ilgan.
Hozirgi Jahon tillari universitetining Rus tili filologiyasi fakultetini tamomlagan, oliy ma’lumotli o‘qituvchi.
Oilali, 4 farzandning onasi. Shu kunda hech qaerda ishlamaydi.
Asosiy mashg‘uloti - uning o‘z tili bilan aytganda - ijod qilish va she’rlarini ijtimoiy tarmoqlarda ulashish bilan o‘tmoqda.