Prezident Mirziyoev o‘z chiqishlarida MXX faoliyatini tartibga soluvchi qonun hozirlanayotganini tilga oldi. Ozodlik suhbatlashgan ayrim tahlilchilar¸ bu yangi qonun konstitutsiyaga tegishli o‘zgartishlar kiritmay turib qabul qilinsa¸ uning samarali bo‘lishiga hozirdanoq shubha bilan qaramoqdalar.
Gap shundaki, 31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistondagi eng qudratli idora – Milliy xavfsizlik xizmati raisini ishdan oldi¸ o‘sha kuniyoq mamlakat Bosh prokurorini Milliy xavfsizlik xizmatiga rais etib tayinladi.
O‘zbekiston konstitutsiyasida bu ikkala rahbarni ishdan olish va lavozimga tayinlash prezident vakolatiga berilgani holda¸ bunday tayinlovga oid prezident farmonlarining Senat tasdig‘idan o‘tkazilishi aytilgan.
Hozircha O‘zbekiston Senatining Ixtiyor Abdullaevni MXX raisi¸ Otabek Murodovni esa Bosh prokuror etib tayinlash haqidagi prezident farmonlarini tasdiqlaganiga oid rasmiy xabar yo‘q.
Konstitutsiyaga muvofiq¸ yangi Bosh prokuror va MXX raisi Senat tasdig‘isiz ish boshlashi mumkinmi?
Senat bu farmonlarni qancha vaqt ichida tasdiqlashi lozim?
Senatda prezident Bosh prokuror va MXX raisi etib tayinlagan shaxslar faoliyatini muhokama qilish¸ prezident farmonini tasdiqlamaslik erki bormi?
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Isomov Ozodlik bilan suhbatda Bosh prokuror¸ MXX va Markaziy bank raisini ishdan olish ham¸ ishga tayinlash ham¸ O‘zbekiston konstitutsiyasiga muvofiq¸ mutlaq prezident vakolatida ekani va bu haqdagi farmonlarni tasdiqlash¸ shunchaki protsedura masalasi ekanini aytdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Oliy Majlis Senati matbuot kotibi bilan suhbat
Suhbatdan anglashilishicha¸ prezident Oliy Majlis yalpi yig‘inlari orasida bu kabi ishdan bo‘shatish va tayinlovlarga oid farmon chiqaradi va bu farmonlar chiqqanidan keyingi parlament majlislarida ular tasdiqdan o‘tkaziladi.
Konstitutsiya matnida “Senat tasdig‘iga kiritadi”¸ Senat “tasdiqlash vakolatiga ega” deb yozilganidan¸ bu jarayonning shunchaki rasmiyatchilik ekani anglashiladi.
Konstitutsiya¸ Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish¸ tasdiqlash¸ uning hisobotini eshitish va muhokama qilish vakolatini Oliy Majlisga bergani holda¸ MXX raisi va Bosh prokuror nomzodini muhokama qilish va tasdiqlash vakolatini parlamentga bermagan¸ bu vakolatni faqat bir shaxs – prezidentga topshirgan.
“MXX va Bosh prokuraturani bir odam – prezidentga bo‘ysundirish diktaturaga eltadi!”
Bu gapni O‘zbekiston parlamentining 1991 yil 30 sentabr kungi 7-sessiyasida deputat¸ mutaxassisligiga ko‘ra huquqshunos bo‘lgan Shuhrat Nusratov aytgan edi.
Bunday ogohlantirishga esa¸ O‘zbekiston mustaqilligidan sanoqli kunlar o‘tib¸ prezident Islom Karimov chiqargan farmon asos bo‘lgan edi.
1991 yilning 26 sentabr kuni prezident Karimov ketma-ket ikkita alohida farmonga qo‘l qo‘yadi.
265-sonli prezident farmoniga ko‘ra¸ O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizligi respublika komiteti tugatiladi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik boshqarmasi tuzilib, bu idora birgina shaxs - Respublika Prezidentiga bo‘ysundiriladi.
Ayni kungi 266-sonli farmoni bilan Karimov o‘zi Qashqadaryo oblasti kompartiyasining 1-kotibi bo‘lib ishlagan davrda Qashqadaryo KGBsiga boshchilik qilgan G‘ulom Alievni MXX (dastlabki nomi MXB) raisi etib tayinlaydi.
Bu qarordan uch kun o‘tib¸ parlament 7-sessiyasida deputat Shuhrat G‘ulomov¸ uni bekor qilishni kun tartibiga kiritishni so‘rab¸ so‘zga chiqadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Deputat Shuhrat Nusratovning 1991 yil 30 sentabr kungi qilgan chiqishidan parcha
- Bugungi yig‘ilish kun tartibiga¸ O‘zbekiston prezidentining 26 sentabr kungi MXX tashkil qilish ¸ xususan uning Oliy Sovet (o‘shandagi parlament nomlanishi – tahr.)ni chetlab o‘tib¸ shaxsan prezidentga bo‘ysundirilishiga oid qarorini xalqqa qarshi¸ demokratiyaga qarshi¸ konstitutsiyaga qarshi¸ ayni paytda diktaturaga eltuvchi qaror sifatida bekor qilish masalasini kiritishni so‘rayman.
Bu qarorning ikkinchi punktini o‘qiyman. “O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik boshqarmasi tuzilib, Respublika Prezidentiga bo‘ysundirilsin.” Bunday me’yor dunyodagi biror demokratik davlatda yo‘q. Hatto biror totalitar va diktatura davlatida ham bunday me’yor rasman¸ hujjatlarda mavjud emas.
Bunday qaror bilan o‘tmishdagi ishlari hammamizga ma’lum bo‘lgan razvedka va kontrrazvedka organlari barcha texnik vositalari bilan birgalikda davlatning saylanadigan oliy organi nazoratidan chiqarilib¸ bitta odamning qo‘liga berilmoqda. Bu aql bovar qilmas ish! Bu mumkin bo‘lmagan bir narsa. Bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi¸ o‘rtoqlar!
Agar bunga yo‘l qo‘ysak¸ bizni 37- 40 yillardagidek qatag‘onlar kutadi. Oqibatlarni hatto taxmin ham qila olmaymiz. O‘rtoqlar bizni kutayotgan dahshat ko‘lamini taxmin ham qila olmayapsizlar¸ ayniqsa¸ prezidentimizning jilovsiz xarakterini hisobga olsak. Ertaga bizni qamashadi. Ertaga sizni qamashadi¸" degan edi Shuhrat Nusratov 1991 yilning 30 sentabr kungi parlament majlisida qilgan chiqishida.
Deputatning bu bashorati ko‘p o‘tmay rost bo‘lib chiqdi – parlamentdagi muxolif ruhdagi deputatlar qamoqlarga tashlandi, ular qatorida Nusratovning o‘zi ham¸ qolganlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.
“MXXga bu vakolatni bergan odam yo‘q endi!”
Oradan 27 yil o‘tib¸ O‘zbekistonning 2-prezidenti Shavkat Mirziyoev MXXni “xalqqa xizmat qilmaydigan” tizim ekanini e’tirof etdi¸ uning qator generallarini sotqinlik va korrupsiya uchun jazolaganini bildirdi.
Shu kunlarda o‘zbekistonliklar og‘zidan tushmayotgan bayonotida Mirziyoev MXXdagilarga bunday vakolatni bergan odam endi yo‘qligini ta’kidlaydi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shavkat Mirziyoevning MXX faoliyati haqida 19 yanvar kungi bayonoti
Kuzatuvchilar¸ bu gapning MXXni o‘z hokimiyatining bosh qo‘riqchi-tayanchiga aylantirgan 1-prezidenti Islom Karimovga tegishli ekanini taxmin qilmoqda.
Ayni paytda ularni MXXning 27 yillik jinoyatlari tafsilotidan to‘liq xabardor Shavkat Mirziyoev Shuhrat Nusratov dahshatini oldindan bashorat qilgan 265-sonli qarorni bekor qilib¸ konstitutsiyaga tegishli o‘zgartish kiritishga siyosiy iroda topa oladimi¸ degan savol o‘ylantirmoqda.
- Mirziyoev o‘zini o‘zidan himoya qilish uchun ham bu qarorni bekor qilib¸ parlamentga MXX va boshqa kuchishlatar tizimi faoliyatini nazorat qilish¸ bu idoralar rahbarlaridan hisob talab qilish¸ ularni ishdan olish va tayinlash vakolatini berishi kerak. Lord Jon Dalberg-Aktonning "har qanday hokimiyat odamni buzadi¸ mutlaq hokimiyat esa¸ odamni mutlaq buzadi"¸ degan mashhur gapi bor. Agar MXX yana bitta shaxsga bo‘ysunishda davom etaversa¸ ertaga uning yana bir shaxs diktaturasini yaratish tahdidi qolaveradi. Mamlakatda turli tabaqalar qarash va manfaatlarini aks ettiruvchi haqiqiy siyosiy partiyalar tuzilib¸ parlament demokratik tarzda saylansa¸ qudratli davlat tizimlari xalq saylagan deputatlarga¸ deputatlar esa¸ o‘z saylovchilariga hisob beradigan bo‘lgandagina¸ MXX va prezidentning O‘zbekistonni navbatdagi diktaturaga tortish xavfi kamayadi¸ deydi 14 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan Erk demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.