OzodMaktub: “52 o‘zbekning qozoq avtobusida yonib ketganining asl sababi nima?”

Ozodlikka maktub yo‘llagan transport sohasi mutaxassislaridan biri¸ O‘zbekiston transport tizimi tubdan isloh qilinmas ekan¸ manziliga arzon yetib olish uchun avariya holatidagi avtobus va mashinalarda Qozog‘iston va Rossiya yo‘llarida yonib ketayotgan¸ muzlab qolayotgan¸ avariyalarda o‘lib ketayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib borajagidan bahs etadi.

***

Assalomu alaykum, Ozodlik xodimlari. Men O‘zbekistondagi vazirliklardan birida ishlayman. Istasangiz, meni bir ekspert qatori qabul qiling. O‘zingizga ma’lum sabab bilan ismimni oshkor qilmang.

Meni prezidentimizning barcha sohalarga birdek munosabatda bo‘lmayotgani o‘ylantirayapti. Albatta, jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlardan xursandmiz. Tanqidlar ham o‘rinli bo‘layapti. Ammo sog‘liqni saqlashni, ta’limni, prokuraturani, militsiyani, MXXni, soliqni va boshqa sohalarni tanqid qilayotgan prezident transport sohasiga kelganda jim qolayapti.

Xabaringiz bor, yaqinda Qozog‘iston yo‘lida 52 yurtdoshimiz fojiali halok bo‘ldi. Lekin shundan keyin ham transport sohasida biror kishi jazolanmadi, ishdan ketmadi. Normal davlatda bunaqa fojia uchun vazirdan boshlab qanchadan-qancha mas’ul iste’foga chiqqan bo‘lardi! Buning oldi olinib, chora ko‘rilmasa, erta-indin bundan kattaroq katastrofalar bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, hammasida korrupsiya bor. “Temir yo‘llar”da korrupsiya, “Havo yo‘llari”da korrupsiya, “Tojikiston va Qirg‘izistonga skidka berdim”, dedi – aldadi. Chunki skidkani qaysi tarifdan beradi? Tarifni 200 foizga oshirib qo‘yib, 30-40 foiz skidka berayapti. Mana sizga Temiryo‘l. Qo‘shnilarning hammasi bundan norozi. Hech kim hali biz bilan og‘ayni bo‘lgani yo‘q-ku. Nimaga desangiz, temir yo‘lda siqishtirayapti biznikilar.

Tranzit yuk tashishlar qochib ketgan, Afg‘oniston ham ishlamayapti, Turkmaniston umuman ishlamaydi. Turmaniston bilan Qozog‘iston o‘zlariga alohida yo‘l qilib olgan. Prezident nega bu kamchiliklarga ko‘z yumayapti? Transport blokini boshqarayotgan Ramatov do‘sti bo‘lgani uchunmi? Yo bulardan u kishining xabari yo‘qmi?

Unitar shirkat bo‘lsa, xozraschyot asosida ishlaydi. “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” singari davlat aksiyadorlik shirkatlari esa davlat belgilab bergan tarif asosida ishlashi kerak. Tariflarni esa Davlat tomonidan tashkil qilingan tarif qo‘mitasi yoki agentligi qo‘yishi kerak bo‘ladi. Butun dunyoda shunaqa. Lekin bular tarifni yalpi ichki mahsulot(YaIM)ga qarab belgilayapti. Xozraschyot asosida ishlashayapti. Xozraschyot bo‘lsa, nega bular nega o‘zlarining puliga emas, davlatning puliga samolyot va poezd sotib olayapti? Bu juda dolzarb mavzu.

Tunov kuni prezident “jamoat transportida yo‘lkira haqini pasaytirish kerak”, dedi. Nega bu gapni prezident aytishi kerak? Avtobus yoki metro biletining narxi masalasini Davlat tarif komissiyasimi, qo‘mitasimi, agentligimi – o‘sha tashkilot hal qilishi kerak. Bizda Mintrans yo‘q bo‘lgani uchun bu komissiya yoki qo‘mita mikroekonomika yoki Moliya vazirligi qoshida tuzilishi mumkin.

Bizda transport sohasini rivojlantirishga har yili YaIMning 30 foizigacha pul ajratiladi. Aslida aksincha bo‘lishi kerak - transport sohasi 30-40 foiz daromad keltirishi kerak. Bu yerda davlat pulini o‘marish bo‘layapti. Bankrot holda bo‘lib turib, har yili samolyotu poezd sotib olishni kanda qilishmayapti bular. Qaerdan olishayapti? Mening pulim, xalqimning puli, o‘zbekning puli hisobidan olishayapti. Ular bizdan so‘rashdimi “shu pulga samolyot olsak bo‘ladimi” deb?

Xalq 100-150 dollar maosh olib o‘tirgan bir paytda odamlarga kerakmi shu skorostnoy poezdlar? Bizga nima kerak? Ish joyi kerak, ovqat kerak, non kerak.

Transport sohasi Krilovning “Oqqush, qisqichbaqa va cho‘rtanbaliq” masalidagi aravaga o‘xshab qoldi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” u yoqqa tortadi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu yoqqa tortadi – arava esa joyidan jilmay turibdi.

Transport sohasi boshdan-oyoq korrupsiyaga botgan – avtobusdan boshlab marshrutkalargacha. Talabalar yurolmaydi marshrutkada. Bir paytlar tramvay bo‘lardi, trolleybus bo‘lardi. Qani ular? Elektr sarfi bilan odam tashish eng arzon yo‘l edi. Nega Yevropa ekologik toza elektrga o‘tayotgan bir paytda biz avtobusga o‘tayapmiz?Avtobus arzon emas-ku. Xalqa yo‘li bo‘ylab metro qurayotgani yaxshi ishdir, lekin bu ham xorijdan vagon sotib olib kelib, cho‘ntak qappaytirishni o‘ylab qilinayotgan ish, menimcha. Xullas, transportda katta islohotlar o‘tkazilishi kerak.

Agar bu sohada islohotlar o‘tkazilmasa, ertaga bizni yanada kattaroq fojialar kutishi, Xudo ko‘rsatmasin, bu safar samolyot qulab, 50 emas, 500 odam nobud bo‘lishi mumkin. Prezidentimiz bu masalalarga ham e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.

(Xat juz’iy tuzatishlar bilan chop etildi – tahr.)

***

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.