18 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda yashab ijod qilayotgan 33 yashar pianinochi Lola Astanova Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan. Nafaqat ijrochilik mahorati, balki o‘ziga xos kiyinish uslubi, jozibali tashqi ko‘rinishi bilan munaqqidlar orasida "dunyoning jozibador pianinochisi" degan nomni qozongan Lola Ozodlik savollariga javob berdi.
Ozodlik: Amerikaga qanday borib qolgansiz?
- Men Amerikaga ilk bor bolaligimda gastrolga kelganman. Tamara Popovich studiyasi bilan birgalikda kelganmiz. O‘sha paytdagi tassurotlarimni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Bu xuddi shoudek edi. Chunki bu kabi narsalarni oldin ko‘rmagandim. Tungi Nyu York, oppoq limuzinlar, osmono‘par binolar, reklamalar, saylgohni eslayman, bu shu qadar go‘zal ediki! Keyin 2000 yil boshida kelganman. Bu yerga musiqa va san’at bilan shug‘ullanish, karyera yaratish maqsadida kelganman.
Ozodlik: Amerikada karyerangizni boshlash qiyin bo‘lmadimi?
- Albatta qiyin bo‘lgan. Ko‘pchilikda Amerikada hamma narsa zo‘r va go‘zal, kelsang bo‘ldi, hamma narsa billur idishlarda oldingizga tortiladi degan illyuziya bo‘ladi. Aslida, bunday emas. Albatta, doim qiyinchiliklar bo‘lgan. Hammasini noldan boshlashga to‘g‘ri keldi. Bu yerga kelganingda hech kimni tanimaysan, jamiyatni bilmaysan. Birorta ham tanishingiz, yordam qo‘lini cho‘zadiganlar yo‘q. Shuning uchun bu davrdan sinmasdan o‘tish mushkul ishdir. Ko‘chilik bu davrdan o‘ta olmaydi. Qaytib ketish, qiyinchiliklarga qarshi kurashmasdan taslim bo‘lish holatlari uchrab turadi. Kurashni davom ettirib, yengilmasangiz ishingiz yurishib ketadi. Bir narsani aytishim mumkinki, boshqa jamiyatlarda bo‘lgani kabi, Amerikada ham o‘ziga yarasha muammolar bor, biroq hammasi o‘zingizga bog‘liq. Qaerdan kelgansiz, ko‘rinishingiz qanday, inglizcha talaffuzingiz qanday, hisob raqamingizda qancha pulingiz bor – bularning birortasi ahamiyatga ega emas. Hammasi o‘zingizga, maqsadlaringizga erishish uchun qanday kurashayotganingizga bog‘liq.
Ozodlik: Qanday qilib musiqa olamida o‘z o‘rningizni topdingiz?
- San’at olamida hamma sub’ektiv bo‘ladi. Bu borada hammaning o‘z fikri bo‘ladi. Musiqa bu mening qiziqishim, bolaligimdan shug‘ullanib kelayapman, musiqaga umrimning qancha yilini bag‘ishladim. Men har doim qilayotgan mehnatlarim natijasini ko‘rganman. Biror ish bilan shug‘ullansangiz, bu aynan men qilishim kerak bo‘lgan ish deb bilsangiz va natijalarga erishsangiz, demak siz shu narsa uchun yaralgansiz. Bolaligimdan qiziqishlarimga ustozlarim katta e’tibor berishgan. Ulg‘aygach, karyera pillapoyalaridan yurib, o‘z muxlislarimni topdim, muxlislarim esa, meni topishdi. Musiqaning o‘zi meni tanlagan.
Ozodlik: O‘zbekiston bilan bog‘liq xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- O‘zbekistonda anchadan beri yashamayman. To‘g‘ri, u yerda qarindoshlarim bor. Lekin O‘zbekiston bilan yaqin aloqada emasman. Balki, bu vaqti kelib o‘zgarar. Yaqinda Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zbekistonliklar ham yozishni boshladi. Bular – oddiy odamlar, muxlislar, musiqa shinavandalari, men o‘qigan Uspenskiy maktabining sobiq o‘qituvchilari. Ba’zida ular juda iliq fikrlar bilan maktub yo‘llashadi.
Ozodlik: O‘zbekiston bilan nimaga yaqin aloqada emassiz? Biror muammo bormi?
- Hali imkoniyatlarim yo‘q payti, pasportim muddatini uzaytirishim lozim bo‘ldi. Men O‘zbekiston konsulligiga bordim. Ularga necha bor telefon qildim, yozdim, biroq biror natija bo‘lmadi. Shundan beri pasportim yo‘q, uning muddatini uzaytirishmadi. Men qandaydir byurokratik to‘siqlar bo‘lgandi, deb o‘ylayman. Chunki men barcha hujjatlarni topshirganman va mendan talab qilingan hamma narsani bajarganman. Lekin negadir pasport ololmadim.
Ozodlik: Ular sizga nima uchun pasportingizni yangilab berishmagani sababini aytishdimi?
- Yo‘q, ular buni izohlashmadi. Men bir necha bor harakat qildim. Birinchidan, telefon qilib, tushish juda qiyin. Hech kim telefon go‘shagini ko‘tarmagan. Keyin men savollarimga har kimdan har-xil javob olganman.
Ozodlik: Prezident Mirziyoev Amerikada bo‘lgan payti o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, ularni vatanga qaytishga chaqirdi. Agar sizga ham shunday taklif bilan chiqishsa, O‘zbekistonga qaytarmidingiz?
- O‘zbekistonda, Toshkentda tug‘ilganman, shuning uchun bu joy men uchun doim muhim bo‘lib qoladi. Lekin hozir mening hayotim, professional faoliyatim Amerikada o‘tayapti. Men bu yerda ancha yildan beri yashayman. O‘zbekistonga konsert berish uchun yoki sayohat uchun borishim mumkin.
Ozodlik: Sizni dunyoda jozibali va seksual pianinochi sifatida tanishadi. Siz bu kabi ta’rifdan taajjublanmaysizmi?
- Ba’zi odamlarning bunday deb o‘ylashi meni xushnud etadi. Lekin, umuman olganda, mening o‘ylashimcha, klassik musiqa bunday sifatlar bilan ta’riflanmaydi. Chunki, ko‘pchilik fikriga ko‘ra, klassik musiqa judayam zerikarli hamda oq va qora ranglardan iborat. Shu nuqtai nazardan olganda, meni jozibador, deyishlariga bir maqtov sifatida qarayman. Men doim ko‘ngildan, his qilib ijro etaman. Men konsertga kelgan odamlarga mening ijrom qiziq bo‘lishini istayman. Chunki, odamlar bu konsertga kirish uchun katta pul to‘lashadi. Shuning uchun ijroni ham audio, ham ko‘rinish jihatdan boyitish kerak deb o‘ylayman. Chunki, biz 2018 yilda yashayapmiz. Hamma narsa o‘zgarishi mumkin. Musiqa ham bundan 100 yil oldin qanday bo‘lsa shunday bo‘lishi shart emas. Bu imkonsiz. Buni hech kim eshitmaydi, tomosha qilmaydi. Tomoshabin ketib qolishi mumkin. Shuning uchun yosh avlod, mening tengdoshlarim klassik musiqani qiziqarliroq qilib berishga harakat qilayotganini faqat olqishlash kerak.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ўзбекистонлик қиз дунёнинг энг жозибали пианиночисига айланди