Suriyada 7 yildan buyon to‘xtamayotgan urushning mash’um statistikasi e’lon qilindi

Yetti yil burun Suriyada boshlangan urush 350 mingdan oshiq kishining yostig‘ini quritdi, aholining yarmidan ko‘prog‘ini mamlakatdan chiqib ketishga majbur qildi.

Asosiy raqamlarni keltirib o‘tsak:

Suriyaning Britaniyada joylashgan inson huquqlari himoyasi tashkiloti bildirishicha, xodimlari 2011 yil martidagi hukumatga qarshi namoyishlardan so‘ng boshlanib ketgan mojaro oqibatida 353 935 kishi qurbon bo‘lganini qayd etdi.

Xalok bo‘lganlardan 106 390 kishi tinch aholi vakillari, ulardan 19 811 nafari bolalar va 12 513 nafari ayollar edi, deyiladi 2018 yil 12 martda tarqatilgan hisobotda.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, urushdan oldin 23 million aholiga ega bo‘lgan mamlakatda 6,1 million kishi janglar sabab yashab turgan joyidan mamlakatning boshqa joylariga ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Fransiyaning davlatga qarashli bo‘lmagan Handicap International tashkiloti urushda 1 million kishi yaralangani haqida ma’lumot tarqatdi.

BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari aytishicha, 5,4 million kishi Suriyadan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Bugungi kunda Turkiya 3,3 million suriyalik qochqinga boshpana berib turibdi.

BMT ma’lum qilishicha, ayni damda Livanda 1 million suriyalik qochqin bor va bu mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismi demakdir. Ammo Livan hukumati ularning soni 1,5 million kishi ekanini aytmoqda.

BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Iordaniyada 657 000 suriyalik borligini, mamlakat hukumati esa, ular soni 1,3 million kishi ekanini bildirmoqda.

Kamida 246 000 nafar suriyalik Iroqdan, yana 126 000 kishi Misrdan boshpana topdi, deydi qochqinlar masalalari bo‘yicha agentlik xodimlari.

2017 yilda Amnesty International tashkiloti tarqatgan xabarga ko‘ra, Suriya hokimiyat idoralari Damashq yaqinidagi mash’um Saidnaya qamoqxonasida 2011-2015 yillarda 13 000 ga yaqin kishini osdi. Mojaro boshlangandan beri hibsxonalarda 17 700 kishi dunyodan ko‘z yumdi.

Suriyaning Britaniyada joylashgan inson huquqlari himoyasi tashkiloti 2011 yildan beri Damashq rejimi qamoqxonalarida kamida 60 000 kishi qiynoq va chidab bo‘lmas sharoitdan vafot etganini oshkor qildi.

Mojaro boshlangandan buyon 500 000 kishi rejim qamoqxonalarida o‘tirib chiqdi. O‘sha vaqt mobaynida jihodchilar yoki boshcha isyonchilar qamoqxonalarida bir necha ming kishi o‘ldi.

Tahlilchilarga ko‘ra, mojaro oqibatida Suriya iqtisodiyoti ko‘rsatkichlari o‘ttiz yil orqaga surilib ketdi va uning infratuzilmasi butunlay vayron bo‘ldi. Ta’lim va sog‘liq saqlash tizimlari butkul ishdan chiqdi.

Hukumat vazirlari bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi yillarda neft ishlab chiqarish eng past darajaga tushib qolgani, fosfat o‘g‘iti eksporti butunlay to‘xtagani natijasida Suriya iqtisodiyoti cho‘kib qoldi.

Jahon Bankining ushbu mojaroning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari to‘g‘risida 2017 yili e’lon qilgan hisobotida jami ko‘rilgan zarar 226 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgani aytiladi. Bu ko‘rsatkich 2010 yildagi mamlakat YaIMdan 4 barobar ko‘pdir.

BMTning Gumanitar yordamni muvofiqlashtirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Suriya aholisining 69 foizi o‘sha qashshoq holda yashamoqda. 2,98 million kishi esa, yordamni yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda istiqomat qiladi.