Farg‘onaning Oltiariq tuman markazi Tinchlik shahridan Qapchig‘ay qishloq fuqarolar yig‘iniga olib boruvchi yo‘l bo‘yidagi daraxtlar – asosan terak va tollar – shu kunlarda kesilmoqda.
Oltiariq tuman hokimligi mulozimining aytishicha, daraxtlar “Obod qishloq” dasturi doirasida kesilmoqda.
Tilga olingan dastur Prezident Mirziyoevning tashabbusi bilan bu yil boshlandi. Biroq Farg‘onada terak va tol kesish o‘tgan yili boshlangan edi.
Terak va tol “qirg‘ini” mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilayotganiga doir xabarlar mavjud.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekiston bo‘ylab yo‘l yoqasiga ekilgan tol va teraklar kesib tashlanmoqda
"Farg‘onani cho‘l-biyobonga aylantirishmoqchimi?"
“Oltiariqda yo‘l bo‘yidagi barcha daraxtlar kesib tashlanayapti. Bu nimasi? Cho‘l-biyobonga aylantirishmoqchimi bu rahbarlar Farg‘ona vodiysini?! Tinchlik-Qapchig‘ay yo‘nalishida yozning jazirama issig‘ida salqin qilib turadigan tol va terak daraxtlari qolmadi”, deyilgan Oltiariqdan Ozodlikka kuni kecha kelgan xatda.
Maktub muallifining yozishicha, tuman aholisi orasidagi “bilgichlar” tol va teraklarning kesilishini paxta bilan bog‘lamoqda. Ki, terakdan chiqqan qurt paxta ko‘sagini yeb qo‘yarmish...
Hokimlik mulozimining aytgani
Biroq Oltiariq tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi terak va tollarning kesilishini “Obod qishloq” dasturi bilan bog‘ladi.
“Ha, Qapchig‘ayga olib boruvchi yo‘l chetidagi daraxtlar “Obod qishloq” dasturi doirasida kesilayapti. Ularning o‘rniga manzarali daraxtlar o‘tqaziladi”, dedi mulozim.
U Ozodlikning “Axir, tol va teraklar ham manzarali daraxtlarku?” degan savolini javobsiz qoldirdi.
Oltiariqda bu yilgi tol-terak qirg‘ini bilan bog‘liq tilga olingan “Obod qishloq” dasturi haqidagi gaplar o‘tgan oyda boshlandi. Mahalliy nashrlar “Obod qishloq” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakat tarixida birinchi bor amalga oshirilayotgani” to‘g‘risida fevralda xabar qildi.
Farg‘onada terak kesish 2017 da boshlangan
Ozodlik OzodMaktub ruknida o‘tgan yili e’lon qilgan xat muallifi tol va terak qirg‘ini “hasharotlarga qarshi kurash, paxta atrofiga tut ekish” zarurati bilan izohlanayotganini xabar qilgan edi.
Farg‘onadan 2017 ning mayida kelgan surat
Kelayotgan xabarlarga qaraganda, tol va terakka qarshi kurash boshqa viloyatlarda ham ketmoqda.
Kattaqo‘rg‘ondan xabar
Prezident Mirziyoevning Samarqandga so‘nggi safari arafasida Kattaqo‘rg‘ondan kelgan xatda, jumladan, bunday deyilgan:
“Avtomagistirallarga yaqin bo‘lgan joylardagi Kaliforniya teragi, tol kabi mevasiz daraxtlar kesib, butunlay yul atrofidan olib tashlanmoqda”.
Kaliforniya teragiga qarshi Andijondagi kurash
Andijon viloyatida esa, teraklarning faqat bitta turi – Kaliforniya teragiga qarshi kurash ketmoqda va bu kurash boshlanganiga ikki yil bo‘ldi.
Bu haqda Ozodlik Andijon viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi mutaxassisidan so‘rab bildi. Uning aytishicha, “Kaliforniya teragi bahorda uyg‘onayotgan paytda chiqaradigan allergen tivitdan juda ko‘pchilik aziyat chekkani tufayli, vrachlar tavsiyasi bilan viloyat hokimi 2016 yili Kaliforniya teraklarini kesib tashlash to‘g‘risida maxsus farmoyish chiqargan. Natijada, shu kunda Andijon viloyatida teraklarning bu turi deyarli qolmadi”.
Balki “kaliforniyalik”ka qarshi kurash Andijondagina emas, butun mamlakat bo‘ylab ketayotgandir? Bu savolga mutaxassis “bundan xabarim yo‘q”, deb javob berdi.
Tinchlik-Qapchig‘ay yo‘nalishida teraklarning kesilishi, balki, ularning allergen ekanligi bilan bog‘liqdir? Oltiariq tuman hokimligi mulozimi bu taxminni rad etdi.
Daraxt qirg‘ini chinorlardan boshlangan edi
Amir Temur xiyobonining 2009 yil, chinorlar kesilishidan oldingi ko‘rinishi
O‘zbekiston shaharlarida keng ko‘lamda daraxt kesish boshlanganiga bu yil 9 yil bo‘ldi. 2009 yilda Toshkentning Amir Temur xiyobonidagi 100 yillik chinorlar kesilgan, shundan so‘ng mamlakatning deyarli barcha yirik shaharlarida chinorlar kesilgani haqda Ozodlik o‘z vaqtida o‘nlab xabarlarni e’lon qilgan.