AQSh elchixonasi yana olti vijdon tutquni qamoqdan chiqarilganini olqishladi

Ozodlikka chiqarilganlardan biri Qudrat Rasulov Internetdan kitob ko‘chirgani uchun qamalgan edi.

Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekistonda olti nafar siyosiy mahbus ozod etilganini olqishladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Yana olti nafar vijdon tutquni qamoqdan chiqarildi

Elchixonaning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda “Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumatining qamoqdan olti nafar vijdon tutquni – jurnalist G‘ayrat Mixliboev hamda faollar Yo‘ldosh Rasulov, Cho‘yan Mamatqulov, Qudrat Rasulov, shuningdek, opa-singil Mehriniso va Zulxumor Xamdamovalarni ozod etganini olqishlaydi”, deb bildirildi.

Elchixona O‘zbekiston hukumatini kelajakda ham fuqarolik jamiyati bilan milliy islohotlar rejasi va taraqqiyot maqsadlarini ilgari surish yo‘lida samarali hamkorlik qilishga chaqirgan.

7 yilga qamalib, 16 yilda ozodlikka chiqqanlar

G‘ayrat Mixliboev 2002 yilning yozida hibsga olingan va 2003 yilning fevral oyida Hizb-ut-Tahrir harakatiga a’zolikda ayblanib, 7 yilga qamalgan edi.

23 yoshida ozodlikdan mahrum etilgan "Hurriyat" gazetasi sobiq muxbiri 16 yildan so‘ng qamoqdan chiqarildi.

O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati vakili Yo‘ldosh Rasulov 2002 yilning sentabrida Hizb-ut-Tahrirga a’zolikda va faoliyati ta’qiqlangan bu tashkilotga yangi a’zolarni jalb etganlik va hukumatga qarshi g‘oyalarni tarqatganlikda ayblanib 7 yilga qamalgan edi.

Yo‘ldosh Rasulov bu tashkilotga a’zo emasligini, aslida Hizb-ut-Tahrirga a’zo bo‘lgan bir necha kishini bu guruh faoliyati noqonuniy bo‘lgani va islomga qarshiligi sababli undan chiqishga da’vat etganini aytib kelgan.

Prezidentni sudga berib, o‘zi "Jasliq"qa tushgan faol

Koson tumanida istiqomat qilgan Cho‘yan Mamatqulov 2012 yilning 29 avgustida hibsga olingan edi. 2013 yilning 8 fevral kuni Qashqadaryo viloyati Jinoyat ishlari sudi uni “konstitutsion tuzumga tajovuz”, “odam o‘g‘irlash”, “tovlamachilik”, “hujjatlarni qalbakilashtirish”, “yolg‘on guvohlik berish” kabi moddalar bilan ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum etgan. U qamoq muddatini “Jasliq”da o‘tayotgan edi.

O‘zbekiston Qurolli kuchlarining zobiti bo‘lgan Cho‘yan Mamatqulov 2004 yili harbiy ishidan g‘ayriqonuniy bo‘shatilganidan va adolatni qaror toptira olmaganidan so‘ng Qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni, prezident Islom Karimov ustidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga ariza bergan edi.

Sud uning da’vo arizasini qabul qilgan, lekin bu ishni ko‘rib chiqmagan. Cho‘yan Mamatqulov 2004 yildan boshlab O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat bo‘limi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.

Internetdan kitob ko‘chirgani uchun qamalgan zargar

Namanganlik zargar Qudrat Rasulov esa Internetdan “Qurolsiz kishining ozodligi” nomli film va “Zulm qilma va zulmga rozi ham bo‘lma” sarlavhali kitob fayllarini ko‘chirib olgani ortidan “Konstitutsion tuzumga tajovuz” ayblovi bilan 2014 yilning yanvarida 8 yilga ozodlikdan maxrum qilingan.

Qudratbek Rasulov “Odnoklassniki.ru”, Skype, Facebook tarmoqlari vositasida xorijda yashashga majbur bo‘layotgan o‘zbekistonlik muxolifatchilar bilan aloqada bo‘lganlikda ham ayblangan.

7 yilga qamalgan otinoyi

Qarshidagi “Ko‘k gumbaz” masjididagi “Otinoyilar” o‘quv kursida qizlarga diniy bilim berib kelgan Mehriniso Hamdamova va uning singlisi Zulxumor Hamdamova 2009 yil noyabrida qo‘lga olingan.

2010 yilning 12 aprelida diniy motivlar bilan ayblangan Mehriniso Hamdamova 7 yilga, Zulxumor Hamdamova 6,5 yilga qamalgan edi.

O‘zbekiston inson huquqlari tashkilotining raisi, muhojirlikda yashayotgan Abdujalil Boymatov 2010 yilda Ozodlik radiosiga ikki huquq faolining uzoq muddatlarga qamalishi sabablarini shunday izohlagan:

- Qashqadaryo viloyatida bizning tashkilotda ayollar ham juda aktiv edi. O‘sha Shahlo Rahmonova¸ Mehriniso Hamdamovalar Toshkentlarga borib piketlar o‘tkazgan edi. Ular Toshkentga borganda prezident apparatining oldida piketlar o‘tkazishgan. Mana shularni hisobga olib¸ O‘zbekiston hukumati ularga nisbatan soxta ayblar bilan qamayapti. Huquqbon sifatidagi faoliyati uchun ular shunaqangi repressiyalarga uchrayapti, -degan edi Abdujalil Boymatov

So‘nggi bir necha oy ichida O‘zbekistonda o‘ndan ziyod huquq faoli va jurnalist qamoqdan ozod etildi.

Mart oyida sakkiz yillik tutqunlikdan so‘ng huquq faoli G‘aybullo Jalilov, 2007 yilda qamalgan andijonlik huquq himoyachisi Isroil Xoldorov va 1999 yilda qamalgan jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov ozod etilgan.