Rossiyada motam. Kemerovo fojiasi qurbonlarining birinchi guruhi bugun dafn etiladi

"Zimnyaya vishnya" savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari bir guruhining suratlari e’lon qilingan gazeta sahifasi

Rossiyada 28 mart Kemerovodagi yong‘inda xalok bo‘lganlar uchun milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Kemerovodagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazida 25 mart kuni chiqqan yong‘inda 64 odam halok bo‘lgan. Ularning 41 nafari bolalardir. Yong‘inda tiriklayin yonib ketgan bolalarning eng kichigi 2 yoshda bo‘lgan.

27 mart kuni minglab odamlar Kemerovo markaziga yig‘ilib, viloyat gubernatori va boshqa rasmiylarning iste’fosini talab qildi.

Kemerovoga kelgan prezident Vladimir Putin halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan bo‘lgan uchrashuvda voqeani yuz nafar tergovchi o‘rganayotganini aytdi va barcha aybdorlar jazolanishiga va’da berdi.

Rossiya favqulodda holatlar vaziri Vladimir Puchkov yong‘in joyida jasadlarni qidirib topish ishlari yakunlanganini aytdi:

- Qidirish va qutqarish bo‘yicha ishlar yakunlandi. 64 odamning jasadi ekspertizaga topshirildi. Bugun eng birinchi dafn marosimlari o‘tkaziladi. Biz halok bo‘lganlarni identifikatsiyalash jarayonini o‘z nazoratimizga olamiz, - dedi Puchkov.

Kemerovoda "Zimnyaya vishnya" savdo markazida yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar bilan vidolashilmoqda. Bugun fojianing 14 nafar qurboni dafn etiladi. Motam marosimlari ibodatxona va shahardagi to‘rtta qabristonda o‘tkazilmoqda.

27 mart kuni qutqaruvchilar yong‘in yuz bergan joyda qidiruv amaliyotlarini yakunlashdi. Yonib ketgan binodan 64 kishining jasadi topildi, deya xabar berdi FVV rahbarning o‘rinbosari Vladlen Aksyonov. U shuningdek, bugungi kunda bedarak yo‘qolganlar qolmaganini aytdi.

Bundan avval Tergov qo‘mitasi vakili tergovchilar marhumlarning qarindoshlaridan 67 kishining yo‘qolgani haqida ariza olganlarini ma’lum qilgan edi. Muassasa genetik ekspertiza natijalariga qadar vafot etganlarning ro‘yxatini e’lon qilishning imkoni yo‘q deb hisoblaydi, deyiladi xabarda. 25 mart kuni yuz bergan yong‘in sabablari hozircha aniqlanmadi.

27 mart kuni Kemerovo ma’muriyati binosi oldida seshanba kuni stixiyali miting o‘tkazildi. Ishtirokchilar yuz bergan hodisa aybdorlari jazolanishini va halok bo‘lganlarning aniq soni haqida ma’lumot berilishini talab qildilar. Mitingda viloyat gubernatori Aman Tuleevning iste’fosi talab qilindi. Gubernatorning o‘zi miting ishtirokchilari oldiga chiqmadi. Shuningdek, Kemerovoda bo‘lib turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ularga murojaat qilmadi.

Moskva, Peterburg va boshqa shaharlarda ham Kemerovoga hamdardlik bildirilgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar "Korrupsiya odamlarni o‘ldirmoqda”, “Haqiqatni gapir”, kabi shiorlar ostida o‘tdi.