Islohotlari uchun qatl qilingan taraqqiyparvar Bosh vazir Islomxo‘ja haqida film olinmoqda

Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘ja haqidagi filmda Islomxo‘ja rolini o‘ynayotgan Ulug‘bek Qodirov.

Xivaning 1910-1918 yillardagi xoni Isfandiyor davrida liberal islohotlar o‘tkazgani ortidan qatl qilingan Bosh vazir Islomxo‘ja haqida tarixiy filmni suratga olish boshlandi.

Davlat granti asosida “Ezgufilm” studiyasida yaratilayotgan “Bosh vazir Islomxo‘ja” filmini 35 yashar o‘zbek kinochisi Jahongir Ahmedov suratga olmoqda. Xiva¸ Toshkent¸ Moskva va Sankt-Petrburgda suratga olinayotgan filmda Rossiya podshosi Nikolay Ikkinchi obrazi ham gavdalantiriladi.

Filmda Ulug‘bek Qodirov (Islomxo‘ja) Alisher Uzoqov (Isfandiyorxon) Matyoqub Matchonov (Matvafo Baqqolov) Oskar Jalilov (Podsho Nikolay II) kabi taniqli akterlar rol o‘ynagan.

Filmni suratga olayotgan Jahongir Ahmedov Ozodlikka eksklyuziv suhbat berdi.

Kinochi Jahongir Ahmedov

Uning Ozodlikka aytishicha, bu film “Xon o‘limidan keyin tanazzul ichida qolgan o‘lkadagi iqtisodiy siyosiy islohotlar o‘tkazgan Islomxo‘ja (1872-1913) va unga qarshi bo‘lgan aksilislohotchi Matvafo Baqqolov o‘rtasidagi ziddiyat haqida hikoya qiladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Buyuk reformator Bosh vazir" haqida kino olayotgan Jahongir Ahmedov

Film ssenariysini yozgan dramaturg Jo‘rabek Ro‘zmetov Ozodlik bilan suhbatda “islohotga muhtoj Xiva xonligini o‘zgartirishga uringani ortidan 1913 yilda so‘yib ketilgan Islomxo‘ja taqdiri kinoning asosiy mavzusidir deydi”.

- Film Xivani 40 yil boshqargan Muhammadrahimxon o‘limi sahnasi bilan boshlanadi. Isfandiyor xon qilib ko‘tarilsada¸ amalda mamlakatni yosh Bosh vazir Islomxo‘ja boshqarardi. Islomxo‘ja 26 yoshida Feruzxonning Bosh vaziri sifatida yana Xivada ish boshlagan edi. Isfandiyorning ilk farmonida «bozorlarni tartibga solish¸ ko‘priklar qurish¸ yo‘llarni obod qilish, vaqf yerlarni qayta hisoblashni Islomxo‘ja topshirdik», deyiladi. Filmda Islomxo‘ja amalga oshirgan 10 ta tadbir jamiyatni o‘zgartira boshlagani haqida gap boradi¸ dedi Ro‘zmetov.

Xiva xoni Isfandiër

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Islomxo‘ja davlat xazinasi hisobidan ilk bora er tuzish, yo‘l qurilishi, pochta aloqasi, tibbiyot va agronomiya xizmatini tashkil qiladi. Vatandoshlarni er solig‘idan ozod qiladi¸ mahbuslarni o‘rta asr uslubida jazolashni bekor qiladi. Bemorlarni davolash uchun zamonaviy kasalxonalar qurdiradi. Dindorlar tasarrufidagi vaqf yerlar daromadini madaniyat va maorifni rivojlantirishga sarflanishini ta’minlaydi. Aholining davlat uchun yilda 12 kun tekin ishlab berish amaliyotini bekor qiladi. Xivadan tashqari Yangi Urganch, Shovot, Gurlan, Qo‘ng‘irot, Qo‘shko‘pir va Mo‘ynoq shaharlarida jadid maktablari tashkil qiladi. Bu maktablarda fizika¸ matematika¸ rus tili¸ chizmachilik kabi aniq fanlar o‘qitilishini farmon bilan belgilab qo‘yadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Reformator Bosh vazir" haqidagi film ssenariy muallifi Jo‘rabek Ro‘zmetov bilan suhbat

Toshkentlik munaqqid Akmal Rizaev Ozodlik bilan suhbatda¸ "Islomxo‘jani tarixda biz uchun o‘rnak bo‘ladigan" shaxs dedi:

- Islomxo‘ja haqida shu paytgacha kino olinmaganligining o‘zi taajjubli. Zotan aynan u kishi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Xivada kinostudiya tashkil qilgan. Xudoybergan Devonovni foto va kino suratga olishiga sponsor bo‘lgan ham Islomxo‘jadir. Rasmga olish gunoh deydigan mutaassiblarga qarshi tura olgan ham Islomxo‘jadir¸ deydi Akmal Rizaev.

U Islomxo‘janing «Turkestanskiy kuryer» gazetasi muxbiriga bergan va gazetaning 1913 yil avgustida chiqqan sonida bosilgan intervyusidan iqtibos keltirdi:

"Xonlik butun kuchini mamlakat ichki taraqqiyotiga qaratmog‘i lozim. Birinchi navbatda ma’rifatga, so‘ngra savdo-sanoatga. Xivani Osiyoning qoloq davlatlari qatoridan chiqarish vaqti keldi. Xalq erkin nafas olmog‘i kerak", degan Islomxo‘ja.

Bu gap bugun ham O‘zbekistonda dolzarb¸ deydi munaqqid.

"Buyuk reformator" Islomxo‘janing o‘limidan sal oldin tushirilgan tarixiy surati

Rizaevning aytishicha, film ssenariysi ancha vaqtdan beri "O‘zbekkino" javonida yotgan va o‘tgan yil fevralida shaxsan Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan "kinoga yashil chiroq yoqilgan".

- O‘tgan yili Shavkat Mirziyoev kinochilar bilan uchrashuvda "Nega nuqul maishiy kino olaverasizlar deb aytganidan keyin davlat maslahatchisi darajasidagi yozuvchidan chiqqan mulozim (Hayriddin Sultonov nazarda tutilmoqda - tahr.) bu ssenariy sinopsisini (qisqa bayoni - tahr.) Mirziyoevga bergan deyishdi. O‘zim qatnashgan videoselektorda Shavkat Miromonovich reformator Bosh vazir Islomxo‘jani eslab¸ aynan shu kishi qamoqdagi qiynoqlarga barham bergani va korrupsiyaniyu oldini olish uchun Markaziy Osiyoda ilk marta mulozimlarga muntazam oylik maosh joriy qilganini ta’kidladi. Mirziyoev o‘zini o‘sha 100 yil oldin o‘ldirilgan reformator Bosh vazirga o‘xshatishi bilinib turdi. Hali kino olinmasidan turib Jo‘rabek (ssenariy muallifi Jo‘rabek Ro‘zmetov - tahr.) menga bir o‘qituvdi ssenariyni. Kinossenariyda voqea xon o‘lgan kundan boshlanadi. Xon o‘lishi bilan Bosh vazir radikal isloxotlarni boshlaydi. Mirziyoevning ham 13 yil Bosh vazir bo‘lgani va islohotlar Karimov o‘lganidan keyin boshlanganini inobatga olsak, bu filmga nega Mirziyoev yashil chiroq yoqqanligini tushunib olasiz. Moskvadagi "Orujeynaya palata"ni tasvirga olish uchun ijaraga olish qancha turadi?! Qimmat grim¸ liboslar¸ dolbi dijital ovoz... Yana bir menga ma’lum gap: kinoning yakuniy montaji taqdimotdan oldin shaxsan Mirziyoevning o‘ziga ko‘rsatilar ekan. Bu yaxshimi yoki yomon - bilmadim¸ ammo kinochilarimiz sifat masalasida tirishayotgani haqiqat¸ dedi munaqqid.

Xiva xoni Isfandiyorxonning tarixiy fotosi

Reformator nega o‘ldirildi?

Film rejissyori Jahongir Ahmedovning Ozodlikka aytishicha¸ Islomxo‘janing islohotlari qadimchilarga yoqmaydi. Suhbatdoshga ko‘ra, Islomxo‘ja islohotiga qarshi bo‘lgan qadimchi konservatorlar Matvafo Baqqolov filmda anitreformator sifatida salbiy gavdalanadi.

Matyoqub Matchonov filmda islohotlarga qarshi chiqqan qadimchi rolini ijro etmoqda

Bu rolni ijro qilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov Ozodlik bilan suhbatda o‘tmishda bo‘lgan hikoyalar bugun ham dolzarb deydi:

- Islomxo‘janing reformalari Shavkat Mirziyoevnikiga o‘xshaydi. Shavkat Miromonovich tarixni yaxshi bilgani uchun shu film uchun mablag‘ ajratdi. Chunki Shavkat aka ham Islomxo‘ja kabi bu jamiyatni isloh qilish zaruratini tushunib yetgan. Islomxo‘ja qilgan ishlarni qarang¸ aynan u zot mulozimlar tarafidan soliqning ma’lum bir foizini o‘ziga olib qolishi kabi talon-tarojlikka chek qo‘ydirgan. Bu esa men ijro qilgan Matvafo Baqqolov kabi qadimchilarga yoqmagan. Bugun ham islohotga qarshi chiqadigan¸ eskicha yashaymiz degan baqqolovlar bor. Lekin hozir qamoqda yotgan sobiq prokuror Rashid Qodirovdan ko‘ra, o‘sha Baqqolov insofli bo‘lgan. Baqqolov islohot dushmani bo‘lgan Qodirov esa millat dushmani,- deydi Matyoqub Matchonov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Matyoqub Matchonov bilan suhbat

Rejissyor Jahongir Ahmedovning Ozodlikka aytishicha¸ “Bosh vazir Islomxo‘ja” filmi joriy yilning birinchi sentabrida mamlakat ekranlariga chiqariladi.

Film ssenariysi muallifi Jo‘rabek Ro‘zmetov¸ rassom Akmal Saidov¸ liboslar bo‘yicha rassom Sojida Hasanovadir.