Yozda 50 daraja issiq bo‘ladigan Turkmanistonda cho‘milish kiyimi va shortlar taqiqlandi

Illyustrativ surat.

Turkmaniston hukumati mamlakatga ayollar cho‘milish kiyimi hamda kalta ishtonlarni olib kirishni va sotishni taqiqladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Yozda 50 daraja issiq bo‘ladigan Turkmanistonda cho‘milish kiyimi va shortlar taqiqlandi

Navbatdagi taqiq

Ozodlik radiosi turkman xizmatining Turkmanistondagi muxbirlari xususiy kiyim-kechak do‘konlari sotuvchilariga tayangan holda, taqiq joriy etilguniga qadar mamlakatga olib kirilgan bikini va shortlarni arzon narxda sotib tugatishga harakat qilayotganlarini bildirmoqdalar.

“Bojxonada cho‘milish kiyimlari va shortlarni olib kirishga ruxsat berishmayapti. Cho‘milish mavsumi yaqinlashayotgani munosabati bilan bu tovarlarga ehtiyoj o‘sayotgan edi. Lekin bojxonachilar bikini va shortlarni mamlakatga olib kirishni nega taqiqlayotganlari haqida tushuntirish bermayapti”, deb xabar berdi Ozodlik radiosi muxbiri.

Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda Turkmanistonda yoz faslida shortlar ayollar va erkaklar o‘rtasida ommaviylashgan edi. Taqiq ortidan yoz faslida 50 darajagacha issiq bo‘ladigan Turkmaniston aholisi mavsum uchun qulay bo‘lgan kiyimdan voz kechishiga to‘g‘ri kelmoqda.

“So‘nggi paytda talab o‘ta ko‘p bo‘layotgan erkak va yollarning shortlarini olib kirish ham mumkin emas. Tolkuchka deb ataladigan yangi bozorda bu mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlart tovarsiz qoldi. Mamlakatga oldin olib kirilgan shortlar va cho‘milish kiyimlari qoldiqlari sotib tugatilayapti”, dedi Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbiri.

Turkmancha “Obliko morale”mi?

Ozodlik radiosining shortlar va bikinilarni mamlakatga olib kirish nega taqiqlangani to‘g‘risida bojxona rasmiylaridan izoh olish urinishi samarasiz yakunlandi.

Lekin Ozodlik muxbiri bilan ismi sir qolishi sharti bilan suhbatlashgan bojxona xodimi bu taqiq “turkmanlarning ahloqiy me’yorlari, ya’ni, turkman qizlariga cho‘milish kiyimlari kiyish nojiozdir”, degan tushunchaga bog‘liq ravishda joriy etilgan bo‘lishi mumkinligini tahmin qildi. Lekin u bu taqiq nega aynan shu kunlarda joriy etilganiga izoh bera olmadi.

Bu so‘nggi haftalarda Turkmanistonda kiyinish yoki tashqi ko‘rinishga qaratilgan birinchi taqiq emas. O‘tgan oyning oxirida “Xronika Turkmenistana” nashri Ashxaboddagi davlat muassasa va idoralarida ishlovchi ayollarga tirnoq bo‘yash va o‘stirish, kiprik o‘stirish, soch bo‘yash va oltin taqinchoqlar taqish taqiqlangani to‘g‘risida xabar tarqatgan edi.

Turkmaniston bojxonasi buning ortidan mamlakatga yorqin soch bo‘yoqlari va sochni bo‘yash bilan bog‘liq boshqa mahsulotlarni olib kirishga ruxsat bermay qo‘ygan.

“Xronika Turkmenistana” nashri rasmiylar do‘konlardan hozir mavjud bo‘lgan soch bo‘yash vositalari va bo‘yolarni, tirnoq uchun gellarni sotuvdan olib tashlash niyatida ekanini ham bildirgan.

Ta’kidlash joizki, soch bo‘yashga taqiq davlat rahbari muntazam sochini bo‘yab yuradigan davlatda joriy etildi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov hokimiyatga yangi kelgan paytda uning sochiga oq oralaganini ko‘rish mumkin edi. Biroq so‘nggi yillarda u “jozib qorasoch” imidjiga ega bo‘ldi.

Turkmanistonda kiyinish va tashqi ko‘rinishga turli taqiqlar mamlakatning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov hukmronligi davridan beri an’anaga aylangan. Turli yillarda tilla tish, erkaklarga uzun soch o‘stirish va soqol qo‘yish taqiqlangan.

Bundan tashqari Turkmanistonda ayollar va qizlarning tashqi ko‘rinishiga alohida talablar ishlab chiqilgan. Masalan, 2013 yildan beri davlat idoralari xodimlari, mahalliy oliygohlar talabalri, turli tadbirlar ishtirokchilari bo‘lgan ayollar hamda qizlar alvon rangdagi bir hilda ko‘ylak va milliy ro‘mol o‘rashlari shart.

Turkmanistonda shov-shuvga sabab bo‘lgan eng so‘nggi taqiqlardan biri - qora va istalgan boshqa kirchimol rangdagi avtomobillarga joriy etilgan taqiq bo‘ldi.