Mart oyi ichida o‘zbekistonlik chegarachilari chegarani buzib o‘tishga uringan 42 kishini ushladi, 550 mln. so‘mlik tovar mahsulotlarni musodara qildi.
Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmatiga tayanib berilgan xabarlarga ko‘ra, chegara buzuvchilarning katta qismi Qozog‘iston bilan chegarada ushlangan.
O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegarasidagi vaziyatga doir Chegara xizmati hisoboti, aksar hollarda, matbuotga oshkor qilinmas edi.
Gazeta.uz saytining O‘zbekiston davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmatiga tayanib xabar qilishicha, mart oyi ichida Qozog‘iston bilan chegarada 23 kishi, Qirg‘iziston bilan chegarada 10, Tojikiston bilan chegarada esa 7 kishi ushlangan.
Bundan tashqari, Turkmaniston va Afg‘onistondan ham chegarani buzib kirishga uringan 2 kishi ushlangan.
Ammo, mintaqadagi uch qo‘shni - Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan O‘zbekistonga olib kiriliayotgan tovar mahsulotlarining ham hajmi oshgani e’tirof etildi.
Chegara xizmatiga tayanib berilgan xabarda aytilishicha, asosan, kimyoviy o‘g‘it, tamaki mahsulotlari va noyob jonivorlarning terisini olib o‘tishga urinishmoqda.
Jumladan, 1 mart kuni Jizzaxda Aranasoy suv omborida ushlangan 328 ondatraning terisini olib o‘tishga uringanlar to‘xtatib qolingani aytilmoqda.
14 mart kuni esa Toshkent oblastidagi rezina qayiqda 22 million so‘mlik "Milano" sigaretlari topilgani matbuotga ma’lum qilindi.
Shu paytga qadar, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq Milliy xavfsizlik xizmati) tarkibida bo‘lgan Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmati oylik hisobotlarini matbuotga taqdim qilishi kam kuzatilgan.
Chegara xizmatining bu hisoboti 7 aprelda 34 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Farxod Mirzaholiqov o‘zbek chegarachisi tomonidan otib o‘ldirilgach, ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlar izichillashgan bir paytda e’lon qilinmoqda.
Bu insidentdan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari chegara xizmatchilariga tinch fuqarolarga qarshi o‘t ochar qurollardan foydalanishni butunlay taqiqlashga kelishib oldi.
Podrobno.uz axborot agentligi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmatiga tayanib bergan xabariga ko‘ra, hodisani hartomonlama va xolisona o‘rganib chiqish maqsadida ikki mamlakat vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan.
Ikki davlat bosh vazirlari Abdulla Aripov va Sapar Isakovlar ham 8 aprel kuni telefon orqali bu voqeani muhokama qilgandi.